Bu Donbassda RF qo‘shinlarining doimiy hujumlarini qaytarib turgan ukrain bo‘linmalariga nafas rostlashga, ehtimol taktik vaziyatni yaxshilashga ham imkon bergan bo‘lardi. BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Oleg Chernish shu mavzuni tahlil qildi.

Ko‘plab ekspertlar Rossiya qo‘shinlarini olib ketishi tez orada va sezilarli darajada bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda.

To‘g‘ri, Ukraina qurolli kuchlari Kursk amaliyotini boshlaganidan keyin frontdagi boshqa ko‘plab uchastkalarda to‘qnashuvlar soni kamaygani qayd etilgan. Janglar shiddati susaygani u qadar jiddiy emas — 15-17 foiz atrofida, ammo shuning o‘zi ham shaxsiy tarkib va vositalar Kursk oblastiga olib o‘tilishi boshlanganini tasdiqlaydi.

G‘arbdagi nashrlar ham o‘z ma’lumotlariga tayanib, RF zaxira kuchlarini frontdan olib, Kursk atrofiga olib kelishni boshlaganini yozgan.

Xususan, Amerikadagi Wall Street Journal gazetasi AQSh rasmiylari orasidagi manbasiga asoslangan holda Rossiya kuchlari «qayta guruhlangani» haqida yozgan. Ammo nashr Moskva jang maydonidan aynan qancha qo‘shin olib ketayotgani haqida aniq ma’lumot bermagan.

BBC Ukraina xizmatining Ukraina harbiy rahbariyatiga yaqin manbasi aytishicha, zaxira kuchlar ko‘chirilishi Xarkiv, Kupyansk, Seversk, Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida qayd etilgan.

Ukrainalik harbiy tahlilchi Konstantin Mashovetsga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yurishidan keyin Rossiya qo‘mondonligi bu yurishni qaytarish uchun qo‘shinning 10-11 batalyondan iborat birinchi eshelonini shakllantirgan. Bu taxminan 3-5 ming kishilik qo‘shin degani.

Harbiy ekspert, zaxiradagi polkovnik Petro Chernik BBC bilan suhbatda Rossiya Kursk oblastida muvaffaqiyat qozonish uchun kamida 30-40 ming harbiydan iborat guruh to‘plashi lozimligini aytgan. Bu amalda Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlarining 10 foizi demakdir.

Ekspert Kursk oblastidagi rossiyalik harbiylar soni ukrainlar guruhinikidan 3-4 baravar ko‘p bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Bu rossiyaliklar katta ehtimol bilan ukrainlarning yaxshi jihozlangan mudofaa chizig‘iga hujum qilishiga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liq.

«Vaqt Ukraina foydasiga ishlamoqda, chunki mustahkam o‘rnashish degan tushuncha bor va hujum qilayotgan tomon doimo katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi», — deydi tahlilchi.