Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishi «ilojsizlikdan va katta maxfiylik sharoitida tug‘ilgan jasoratli sarguzasht» bo‘ldi, deb yozmoqda The Economist. Jurnalistlar Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning atrofidagi kishilar, shuningdek to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hududidagi amaliyotda ishtirok etayotgan ukrain harbiylari bilan so‘zlashgan holda shunday xulosaga kelgan.

Nashrning qayd etishicha, bir tomondan, kutilmagan bosqin ukrain armiyasining ruhiyatini ko‘targan va Ukraina qurolli kuchlari harbiy harakatlaridagi yangi taktikani namoyish etgan. Ammo uchinchi haftaga kelib yurish sur’atlari sekinlashdi va Rossiya javob qaytara boshladi, nafaqat Kursk oblastida, balki frontning boshqa uchastkalarida ham. 

Ukraina bosh shtabidagi manba Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi taktikasini «manyovrli hujum» deb ataydi — bu Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk davrida Rossiya qo‘mondoni Valeriy Gerasimov qo‘llaganiga o‘xshash uslub. Ukrainaning to‘rtta brigadasi Rossiya chegarasini 6 avgust kuni kesib o‘tgan, qishloqlar oralab turli yo‘nalishlarda, tanklar va artilleriya olovi, shuningdek havodan FPV-dronlar qo‘llovida harakatlangan. Harbiylar quruqlikda jiddiy qarshilikka uchramagan, ammo ularni Rossiya aviatsiyasi bombardimon qilgan. Ukrainlarning og‘ir zirhli texnikasi kirishidan oldin hududlar kichik bo‘linmalar tomonidan o‘rganib chiqilgan. Nashrning baholashicha, bosqinning ilk kunlarida bunday taktika «juda samarali» bo‘lib chiqqan.

The Economist nashri yozishicha, Sirskiy Rossiyaga bosqin rejasini ulkan bosim ostida ishlab chiqqan. Ukraina qurolli kuchlari Donbassda, ayniqsa muhim logistik markaz bo‘lgan Pokrovskda mudofaa chizig‘ini bazo‘r ushlab turibdi. Iyulda lavozimga 2024 yil fevralida tayinlangan bosh qo‘mondon iste’fo yoqasida turgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Sirskiy siyosiy o‘yinlarda kuchli emas. U urushda yaxshi», — degan jurnalistlarga generalga yaqin bo‘lgan suhbatdosh. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondon Rossiya mudofaasidagi eng zaif nuqtalarga yurish qilish bo‘yicha bir necha ssenariylarni ko‘rib chiqqan: Bryansk oblastiga shimoldan zarba, Kursk oblastiga zarba, ushbu ikki variant kombinatsiyasi va boshqalar. Ukraina qurolli kuchlari ko‘zlagan asosiy maqsad Rossiya qo‘shinini Donbassdan chalg‘itish va bo‘lg‘usi muzokaralar uchun kuzirga ega bo‘lish edi.

Sirskiy o‘z rejalarini sir tutgan, buni faqat tor doiradagi generallar hamda xavfsizlik xizmati xodimlari bilan baham ko‘rgan va strategiyani Ukraina prezidenti bilan yakkama-yakka holda muhokama qilgan, deya yozadi The Economist. Hatto Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi ham rejalashtirishga faqat so‘nggi bosqichga kelib qo‘shilgan. Manbaga ko‘ra, Ukrainaning ittifoqchilari ham oldindan xabardor qilinmagan, chunki G‘arbdagilar bungacha Sirskiyning ikki operatsiyasini barbod qilgandi — biri haqida Rossiya xabar topgan, boshqasini bekor qilishga buyruq berilgan (maqolada bular qanday operatsiyalar bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan). Barchasi boshlanib ketganida esa G‘arb e’tiroz bildirmadi.