Jahon | 14:23 / 28.08.2024
4044
4 daqiqa o‘qiladi

Voronej viloyatida ikkita aholi punkti evakuatsiya qilindi

Evakuatsiya o‘q-dorilar omboriga dron zarbasidan keyin amalga oshirilgan. Shuningdek, Rostov viloyatida yana bir neft omboriga hujum uyushtirilgani xabar qilingan.

Foto: Shutterstock

Voronej viloyatida dronlarning tungi hujumidan so‘ng ikki aholi punkti aholisini evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, dedi gubernator Aleksandr Gusev. «Ular uchun tuman markazida vaqtinchalik markaz bor, avtobuslardan foydalanildi», — deb yozgan rasmiy 28 avgust, chorshanba kuni ertalab o‘zining Telegram-kanalida.

Gusevning so‘zlariga ko‘ra, Rossoshanskiy tumanida havo hujumidan mudofaa kuchlari va radioelektron kurash vositalari samolyot tipidagi UUAni topib, yo‘q qilgan. Qurbonlar va vayronalar yo‘q. Dron parchalarining qulashi portlovchi obektlar yaqinida yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Portlash sodir bo‘lmagan, biroq tezkor xizmatlar ikki aholi punkti aholisini vaqtincha evakuatsiya qilishga qaror qilgan. 

«Yong‘in mahalliy kuchlar tomonidan o‘chirildi, aholi o‘z uylariga qaytmoqda», — deya qo‘shimcha qildi gubernator. 

O‘q-dorilar omboriga zarba

Ayni paytda, Astra nashri mahalliy aholiga tayanib, Malaya Mejyenka qishlog‘idagi o‘q-dorilar omboriga uchuvchisiz uchoq kelib urilgani haqida xabar berdi. 

24 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari Voronej viloyatining Ostrogojskiy tumanidagi o‘q-dorilar omboriga zarba berdi. O‘shanda ikki kishi jarohat oldi - bir ayol og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizildi. O‘qqa tutilganidan so‘ng rasmiylar ikki aholi punkti aholisini evakuatsiya qilgan. 

Rostov viloyatidagi neft omboriga hujum

Avvalroq Mash Telegram-kanali Rostov viloyatidagi yana bir neft bazasiga uchuvchisiz uchoqlar urilgani, natijada obektda yong‘in chiqqani haqida xabar bergan edi. Kanal yong‘in ichida qolgan obekt va ulkan qora tutun ustuni aks etgan videoni e’lon qildi.

Mintaqa gubernatori Vasiliy Golubev o‘zining Telegram-kanalida ertalab soat uchlarda to‘rtta dron urib tushirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida Kamenskiy tumanidagi yonilg‘i omborida yong‘in boshlangan. Jarohatlanganlar yo‘q, dedi Golubev.

18 avgust kuni Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Rostov viloyatining Proletarsk shahridagi neft omboriga hujum qildi, natijada obektda katta yong‘in sodir bo‘ldi, u hali ham davom etmoqda. O‘nlab yonilg‘i baklarini qamrab olgan yong‘in maydoni 10 ming kvadrat metrga yetdi. 500 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilar va to‘rtta Il-76 samolyotlari o‘chirishga jalb qilingan. 19 avgust kuni shaharda favqulodda holat e’lon qilindi. Yong‘inni o‘chirishda Favqulodda vaziyatlar vazirligining kamida 49 nafar xodimi jarohatlangan. 23 avgust kuni neft bazasi yana dronlar tomonidan hujumga uchragani ma’lum bo‘ldi. 

Qozon va Nijnekamsk aeroportlarida parvozlar bekor qilindi

Rossiyaning qator aeroportlarida reyslar bekor qilina boshlandi. 28 avgust kuni Federal havo transporti agentligi vakili Qozon va Nijnekamsk aeroportlarida «parvoz xavfsizligini ta’minlash uchun» vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgani haqida ma’lum qildi. Ikkala aeroport ham reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatdi. Qozonga uchayotgan samolyotlar Samaradagi muqobil aerodromga, Nijnekamskka uchayotgan samolyotlar esa Ijyevsk, Ufa va Samara aeroportlariga yo‘naltirildi. 

Rossiya Telegram-kanallari aeroport ishining to‘xtatilishiga dron hujumi tahdidi sabab bo‘lganini yozmoqda. 

Mavzuga oid