26 avgust kuni Rossiyaning Ukraina shaharlariga qilingan keng ko‘lamli raketa va dronlar hujumini qaytarish chog‘ida F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchragan — bu Amerika ishlab chiqargan samolyotlar Ukrainaga yetib kelganidan atigi uch hafta o‘tganida ro‘y berdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi samolyot qulagani, uchuvchi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Halokat sabablari o‘rganilmoqda.
Avvalroq Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga tayanib, samolyot dushman zarbasi oqibatida urib tushirilmagani, katta ehtimol bilan uchuvchi xatosi tufayli qulaganini xabar qilgandi.
Ukrainalik harbiylardan biri anonimlik sharti bilan BBC’ga Kiyev qabul qilgan F-16 qiruvchilaridan biri halokatga uchraganini tasdiqlagan. U shuningdek samolyot dushman zarbasidan qulamaganini aytgan, shu bilan birga WSJ suhbatdoshi aytganidek bunga uchuvchi xatosi sabab bo‘lganini ham inkor etgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dushanba kuni Kiyev Rossiya raketa va dronlarini urib tushirish uchun ilk bor F-16 samolyotidan foydalanganini aytgandi.
Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari o‘shanda Rossiya qo‘shini Ukrainaga 236 ta havo hujumi qurollari — 127 ta raketa va 109 ta zarbdor dronlar bilan hujum qilganini ma’lum qilgan. Shundan 102 ta raketa, jumladan bitta «Kinjal», 99 ta dron urib tushirilgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi OAVda tarqalgan xabardan keyin F-16 yo‘qotilganini tan oldi. Xabarda sanaga aniqlik kiritilmagan, ammo kontekstdan bilish mumkinki, gap 26 avgust kungi hujum haqida bormoqda.
«Havo janglari chog‘ida F-16 samolyotlari yuqori samaradorligini namoyish etdi, bort qurollari bilan dushmanning to‘rtta qanotli raketasi urib tushirildi, — deyilgan bayonotda. — Keyingi nishonga yaqinlashish chog‘ida samolyotlardan biri bilan aloqa uzildi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, samolyot halokatga uchragan, uchuvchi halok bo‘lgan».
Avariya sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tayinlangani aytilgan.
«Amerika ovozi»ning ukrain xizmati Ukraina havo kuchlaridagi anonim manbaga tayanib xabar berishicha, «turlicha versiyalar, jumladan o‘z havo hujumidan mudofaa kuchlarining „do‘stona zarbasi“, texnik nosozlik va uchuvchi xatosi kabilar ko‘rib chiqilmoqda».
Lutsk shahri meri Igor Polishchuk shu haftada uchuvchi Aleksey Mes o‘limi haqida xabar bergandi. F-16 halokati haqidagi xabardan keyin Ukraina havo kuchlari Mes 26 avgust kuni «Rossiyaning kombinatsiyalashgan raketa-aviatsiya zarbasini qaytarish chog‘ida» halok bo‘lganini tasdiqladi.


















