Jahon bo‘ylab amalga oshirilayotgan savdo-sotiqda asosiy suv transporti bo‘lgan kemalarning hissasi juda katta. Bugunga kunga kelib, yuk tashuvchi kemalarga faqat yuk avtomobillari raqobat qilmoqda.

Jumladan, 2022-2023 yillarda dunyo bo‘ylab yuklarning 41 foizi yuk avtomobillarida, 32 foizi kemalarda, 23 foizi temiryo‘llar orqali, 4 foizi havo transporti orqali tashilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 5-6 yilda ham bu ko‘rsatkichlar o‘zgarmaydi va turli yuklarni suv orqali kemalarda tashish hajmi 32-35 foiz atrofida saqlanib qoladi.

Agar quruqlik va suv transporti taqqoslansa, yuk avtomobillari asosan nisbatan yaqin hududlarga, kemalar esa uzoq hududlarga olib boriladigan yuklarni tashiydi. Boz ustiga, suvda tashiladigan asosiy yuk – konteyyerlar va suyultirilgan gazni yuk avtomobillaridan ko‘ra kemalarda tashish juda arzon tushadi.

Buning ustiga, yuk avtomobillari o‘zlari kesib o‘tadigan har bir davlatga tranzit uchun turli miqdorlarda boj to‘lashadi. Kemalarda esa bunday emas. Ular asosan xalqaro suv hududida harakatlanadi va hech kimga hech qanday boj to‘lamaydi.

Dunyodagi konteyner tashuvchi yirik kemalardan biri
Foto: sapo.pt

Shu sababli ham temiryo‘llar va avtomobilsozik rivojlangandan keyin ham turli yuklarni kemalarda tashish dolzarbligicha qolmoqda.

2023 yilda dunyo bo‘ylab kemalarda 12,4 mlrd tonna yuk tashilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 12,6 mlrd tonna bo‘lishi kutilmoqda.

Dunyo davlatlari orasida yuk tashuvchi kemalarni eng ko‘p Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kompaniyalari ishlab chiqaradi.

Quyida dunyoning eng ko‘p kema ishlab chiqaruvchi davlatlari va eng yirik kemasozlik kompaniyalari haqida so‘z yuritamiz.

Xitoy

Xitoy dunyoda turli kemalar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. 2022 yilda dunyoda ishlab chiqarilgan kemalarning 47 foizi “Chin yurti”da tayyorlangan.

Xitoydagi kema quruvchi zavodlardan biri
Foto: maritimeeconomy.com

2022 yilda Xitoyda 2014 yilga nisbatan kema ishlab chiqarish hajmi qariyb 15 foizga oshgan. Bu davlatda kemalarning turli turlari, jumladan, laynerlar, tankerlar, balkerlar, konteyner tashuvchi kemalar, yirik poroxodlar ishlab chiqariladi.