O‘zbekistonda mustaqillik bayrami arafasida yangi obektlarni foydalanishga topshirish an’ana tusiga kirgan. Mustaqillikning 33 yilligi bayrami arafasida ham respublikaning turli hududlarida yuzlab obektlar ochildi va ish boshladi. Ularning ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Chegaradagi bozor
Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida Do‘stlik bozori ochildi. O‘z nomi bilan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining do‘stlik aloqalarini ifodalovchi bozor Sohibkor mahallasidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara nazorat-o‘tkazish punkti hududida joylashgan.
Obektning ochilish marosimida qo‘shni Qirg‘iziston fuqarolari ham qatnashgan.



Mazkur savdo majmuasida savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun 410 ta savdo rastasi va 60 ta yopiq do‘konlar tashkil etilgan.
Qariyb 150 mlrd so‘mlik ip-yigiruv fabrikasi
Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida paxta-to‘qimachilik klasterining ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. Loyiha qiymati 147 mlrd so‘m bo‘lgan fabrika yiliga 6,5 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.























