Hindiston hukumati sentabr oyi o‘rtalarida RF mudofaa vazirligi 45 nafar hindistonlikni Rossiya armiyasidan bo‘shatgani haqida xabar berdi, ular oldinroq aldov yo‘li bilan shartnoma imzolashga majburlangan va Ukraina bilan urushga yuborilgandi. Ular harbiy harakatlar hududidan olib chiqilgan, ayrimlari allaqachon Hindistonga qaytgan, boshqalari ortga qaytish bosqichida. BBC jurnalistlari Rossiya armiyasiga qo‘shilib qolgan bir necha hindistonlik bilan ularga nima bo‘lgani haqida gaplashdi.
Rajaston shtatidan bo‘lgan elektrik Sunil Karva RF qurolli kuchlari safiga fevral oyida tushib qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u ham, u bilan birgalikda shartnoma imzolagan boshqa hindistonliklar ham rus tilini bilishmagan va nimaga qo‘l qo‘yayotganini bilishmagan. Shu bilan birga, rekruting jarayoni «juda tez bo‘lib o‘tgan». «Atigi bir necha imzo va fotosuratlar — va biz u yerdamiz», — deya hikoya qilgan BBC suhbatdoshi.
Karva Baxmut yaqinida joylashgan qismda xizmat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushdagi bir necha oy ichida uning uchun eng og‘ir damlar uning ko‘z oldida Rajastondagi qo‘shni qishloqdan bo‘lgan tanishi jarohat olishi bo‘lgan. Uning tanishi o‘shanda oldingi jarohatidan 15 kun davolangach, yana oldingi chiziqqa qaytarilgandi. Endi u majruh bo‘lib qolgan.

Telangana shtatidan bo‘lgan Muhammad Sufyon Xerson oblastining okkupatsiya qilingan qismida xizmat qilgan. «Biz amalda dam olmasdik, eng boshida men 25 kun mobaynida o‘z oilam bilan bog‘lana olmadim», — deya hikoya qilgan u BBC muxbiriga.
Fevral oyida Sufyonning do‘sti raketa zarbasi oqibatida halok bo‘ladi — otryad xandaq qaziyotgan mahalda uchib kelgan snaryad parchasi uning ko‘zlari orasiga sanchilgandi. Sufyon bu vaqtda quroldoshidan o‘n besh metr narida bo‘lgan.
Jurnalistlarning suhbatdoshiga ko‘ra, halok bo‘lgan do‘stining jasadini ko‘rganidan keyin unda «hech narsaga kuch qolmagandi». Sufyon va boshqa hindistonliklar ularni urushdan olib ketishni so‘rab video yozishadi — yakunda mazkur murojaat hukumatdagilarga ham yetib boradi, shundan keyin mamlakat TIV Rossiya hukumati bilan muzokaralar boshlaydi.
Kashmirdan bo‘lgan, Sufyon bilan bir joyda xizmat qilgan Ozod Kumar uyga qaytishga muvaffaq bo‘lganini «mo‘jiza» deb atagan. «Bir daqiqada siz xandaq qaziyotgan bo‘lsangiz, keyingi daqiqada atrofni artilleriya zarbasi qamrab olishi mumkin. Snaryad senga yoki boshqa kimningdir ustiga tushishi — bu omad masalasi», — deya ta’riflaydi u jang maydonidagi voqealarni.

















