Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi boshlanishidan bir necha oy oldin Rossiya qo‘mondonligi bunday amaliyot ehtimolini sezgandi. The Guardian nashri yozishicha, ukrain harbiylari Rossiya hududidagi amaliyot chog‘ida qo‘lga kiritgan IIV, FXX va Rossiya qurolli kuchlarining hujjatlaridan shunday xulosaga kelish mumkin.
Hujjatlar avgust oyi oxirida Ukraina maxsus amaliyotlar kuchlari vakillari tomonidan jurnalistlarga taqdim etilgan. Britan jurnalistlari hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlay olmaydi, ammo ular haqiqiyga o‘xshayotganini qayd etishgan.
Gap turli bo‘linmalarga yuborilgan bosma shakldagi buyruqlar, shuningdek qo‘lda yuritilgan jurnallar haqida ketmoqda, deya yozadi nashr. Hujjatlarning eng eskisi 2023 yil oxiriga mansub, eng so‘nggi yozuvlar esa Ukraina 6 avgust kuni Kursk oblastida amaliyot boshlashidan olti hafta oldin yozilgan. Hujjatlar asosan RF qurolli kuchlari 488-gvardiya motoo‘qchilar polki, jumladan, 17-batalyonning ikkinchi rotasi pozitsiyalaridan topilgan.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti «Kiyevning g‘arbdagi ittifoqchilari hamda Ukraina elitasining ko‘plab vakillarini g‘aflatda qoldirdi, chunki uni rejalashtirishda ishtirok etgan odamlar doirasi juda tor edi», deya yozadi The Guardian. Ammo, nashrning qayd etishicha, rossiyalik harbiylardan olib qo‘yilgan hujjatlar shundan darak bermoqdaki, Ukraina qurolli kuchlarining ehtimoliy yurishi hamda Sudjani okkupatsiya qilishga urinish to‘g‘risidagi ogohlantirish amaliyot boshlanishidan oldingi oylar davomida kelib turgan.
Xususan, 4 yanvar kungi hujjatda ukrain bo‘linmalari Kursk oblastida «davlat chegarasini yorib o‘tishi mumkinligi» qayd etilgan. Unda hujumning oldini olishga tayyorgarlikni kuchaytirish lozimligi ko‘rsatilgan.
19 fevralga oid boshqa bir hujjatda aytilishicha, bo‘linmalar komandirlari Ukraina «ukrain armiyasining asosiy bo‘linmalari zirhli texnikalarda kirib kelishidan oldin to‘rt kunlik „yo‘lak“ hosil qilish uchun Sumi oblastidan Rossiya hududiga 80 kilometr masofada ilgarilash»ni rejalashtirayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Mart oyi o‘rtalarida chegaradagi harbiylarga mudofaa chiziqlarini kuchaytirish va ukrain qo‘shini chegaradan o‘tishi ehtimoliga tayyorgarlik doirasida «mudofaani to‘g‘ri tashkil etish uchun bo‘linmalar va mustahkamlangan punktlarni boshqarish bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etish» buyrug‘i berilgan.
















