O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi IX yillik yig‘ilishining ochilish sessiyasida ishtirok etdi.

Sammitning asosiy mavzusi – "Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish". Kun tartibidan global iqtisodiyot va moliya sohalaridagi dolzarb masalalar, Osiyo va dunyoning boshqa mintaqalarida infratuzilmani rivojlantirishning strategik dasturlari va rejalarini muhokama qilish o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda nutq so‘zladi.

- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Buning uchun O‘zbekiston tanlangani o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb hisoblaymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisi hozirgi kunda dunyoda murakkab geosiyosiy vaziyat saqlanib qolayotganini, global iqtisodiyotda beqarorlik kuchayib, oziq-ovqat va energiya resurslari taqchilligi ortib, ekologik muammolar keskinlashib borayotganini ta’kidladi.

Yer yuzi aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda, qariyb 800 million kishi o‘ta qashshoqlik sharoitida yashayapti.

Mahsulot yetkazib berishning an’anaviy logistika zanjirlari buzilmoqda, bu esa xomashyo resurslari va iste’mol tovarlarining qimmatlashuviga olib keldi.

Bularning barchasi infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshiradi va iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘ladi.

2030 yilgacha dunyoda yangi infratuzilma yaratish uchun 15 trillion dollar investitsiya talab etiladi, xorijiy investitsiyalar oqimi esa so‘nggi ikki yil davomida yiliga 10 foizga kamayib, moliyaviy resurslar narxi 2 barobarga oshgan.

Bunday sharoitda xalqaro moliya tashkilotlarining roli tobora ortib bormoqda.

Joriy loyiha portfeli 55 milliard dollar bo‘lgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa vaqt ichida yetakchi moliya institutlaridan biriga aylangani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar va yangilanishlar siyosatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Iqtisodiyotni erkinlashtirish, aholi turmush darajasi va daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Ushbu maqsadlarga erishishda xalqaro moliya institutlari, shu jumladan OIIB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.