Ukrainaning Donetsk oblasti janubidagi Vuhledar shahrini mudofaa qilayotgan bo‘linmalarining holati tobora og‘irlashmoqda. Rossiyaning bostirib kelayotgan qismlari shaharni janubi-g‘arbdan va shimoli-sharqdan aylanib o‘tmoqda hamda allaqachon logistikaga jiddiy tahdid solgan holda uni yarimqurshov holatiga tushirgan. BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev frontdagi vaziyatni tahlil qildi.

Ukraina qurolli kuchlarining ikki yildan ortiq vaqtdan buyon Vuhledarni himoya qilib kelgan 72-brigadasi holdan toygan va qurshovga tushish xavfi ostida qolgan, Forbes tahlilchisi Devid Aksning ta’kidlashicha, unga yordam berish yoki o‘rniga olib kelish uchun zaxira kuchlari yo‘q.

«Ukraina qurolli kuchlari bu vaqtda Kurskda yurish qilmoqda va mamlakat sharqi va janubidagi boshqa hududlarda ham himoyalanmoqda. Ular butun front bo‘ylab yoyilib ketgan. Armiyada tuzilgan yangi 14 brigada esa zamonaviy texnikalarning o‘tkir taqchilligini boshdan kechirmoqda», — deya yozadi ekspert.

Ukraina bosh shtabining sobiq vakili, harbiy ekspert Vladislav Seleznyov ham Vuhledar yo‘nalishida tahdidli vaziyat yuzaga kelgani haqida gapirmoqda.

«Barchasi ham dushman kuch va vositalar bo‘yicha ustunlikka egaligi bilan bog‘liq emas. Mudofaa amaliyotini tashkillashtirishdagi noto‘g‘ri hisob-kitoblar ham o‘zini bildirmoqda», — degan Seleznyov Ukraina teleefirida.

Vuhledar katta strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. U tepalikda va ikki front — sharqdagi Donetsk oblasti va janubdagi Zaporijjya frontlari tutashgan nuqtada joylashgan.

Shahardan 18 km sharqdan Rossiya armiyasi harbiylari va texnikalarini Donetsk-Volnovaxa liniyasi orqali va yanada janubga olib o‘tishi mumkin bo‘lgan temiryo‘l o‘tgan.

Ammo Vuhledar Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolarkan, uning stvolli artilleriyasi mazkur muhim magistralga maqsadli zarbalar amalga oshirishi mumkin bo‘lib turgandi.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bosqin boshidan buyon Vuhledarni egallab olishga urinib keladi.

2022 yil kuzida ular shahardan janubdagi Pavlovka qishlog‘ini olgandi, ammo shundan keyin shaharga hujum qilishga bo‘lgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 2023 yil fevralidan 2024 yil iyuniga qadar Rossiya armiyasi bu yerda kamida to‘rt bor yirik hujum amaliyotlarini o‘tkazgan — bu urinishlarning barchasida katta yo‘qotishlar berilgan va hech qanday natijaga erishilmagan.