Isroilliklarning shanbaga o‘tar kechasi yo‘llagan aviazarbasi oqibatida Hasan Nasrulloh halok bo‘lishi bilan «Hizbulloh» nafaqat o‘zining ko‘p yillik yetakchisidan, balki oyoqlari ostidagi zamindan ham mahrum bo‘ldi, deb hisoblamoqda ko‘plab tahlilchilar. BBC muxbiri Anastasiya Uspenskaya ayni vaqtda guruh ichida yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qildi.
«U shunchaki ramz emas, u guruhning strategik va harbiy tafakkuri ortida turgan inson edi. Uning o‘limi jiddiy oqibatlarga ega bo‘lishi shubhasiz», — deydi bayrutlik sharhlovchi Zeyna Hodr.
Nasrullohning o‘limi ta’siri «Hizbulloh» bilan cheklanmaydi. Isroil va G‘arbdagi muxoliflari ham u Yaqin Sharq siyosatida favqulodda muhim figura bo‘lganini tan olishadi.
Nasrulloh «Hizbulloh»ga 32 yil mobaynida rahbarlik qilib kelgan, uning siyosati va harbiy strategiyasini belgilab bergan, Tehrondan ma’lum darajada avtonomiyani saqlab qolgan holda guruhni Eron yordamida mustahkamlagandi.
Boshqa vaqtda ham unga o‘rinbosar topish mushkul bo‘lardi, Isroil so‘nggi haftalarda amalga oshirgan amaliyotlar natijasida guruh ko‘plab yuqori martabali qo‘mondonlaridan ayrilgan va ichki xavfsizlik tizimiga sezilarli darajada putur yetkazgan sharoitda esa bu amalda imkonsiz.
«U tez o‘sayotgan tashkilotni birlashtirgan yelim bo‘lgandi», — deb hisoblaydi Karnegi institutining Yaqin Sharq markazi katta xodimi Mohanad Xagi Ali.
Uning fikricha, Nasrullohning o‘limi bilan vaziyat barcha darajalarda — guruhning o‘zidan tortib Eron homiyligi ostidagi butun Isroilga qarshi koalitsiyada ham o‘zgaradi.
«Hizbulloh»dagi ruhiyat sindirildi, ammo bu qancha vaqtga?

Hasan Nasrulloh «Hizbulloh»ga 1992 yilda, oldingi yetakchi, isroilliklar raketa zarbasiga yo‘liqqan Abbos Musaviyning o‘limidan keyin rahbar bo‘lgandi.


















