Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev öqituvçi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi. 

«Muhtaram ustoz va murabbiylar! Avvalo, sizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barça jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – Öqituvçi va murabbiylar kuni bilan çin qalbimdan muborakbod etaman», deyiladi tabrik sözi boşida. 

Prezident ta’lim sohasida erişilgan yutuqlarga urğu berib, pedagoglar maşaqqatli mehnatini munosib qadrlaş lozimligini ta’kidladi. 

«Mamlakatimizda köplab yangi boğçalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va öquv qöllanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda. Soha xodimlarining maşaqqatli mehnatini munosib qadrlaş va rağbatlantiriş doimiy e’tiborimiz markazida bölib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgaça ta’lim böyiça qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazişga erişganimiz, heç şubhasiz, eng muhim yutuğimizdir», deyiladi tabrik sözida. 

Şavkat Mirziyoyev ta’lim sohasi xodimlarining örtaça iş haqi 2 barobar köpaytirilişini ma’lum qildi. 

«Ta’lim sohasi xodimlarining örtaça iş haqi 2 barobar köpaytiriladi. Ming nafar tarbiyaçi va öqituvçilar xorijiy mamlakatlarga malaka oşiriş va stajirovkaga yuboriladi. Öqituvçilarni işga qabul qiliş, ularning malakasini oşiriş va toifa beriş tizimi ham takomillaştiriladi. Biz farzandlarimizni milliy ğurur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalaşga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz», deyiladi tabrik sözida. 

Şavkat Mirziyoyev maktab ta’limini qöllab-quvvatlaş va rivojlantiriş umummilliy harakatga aylanganini ta’kidlab, bu borada beğaraz yordam körsatgan fuqarolarga, tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi. 

«Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoşlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Taraqqiyotimiz dasturi bölmiş «Özbekiston – 2030» strategiyasida sizlar bilan birga ta’lim tizimini yanada rivojlantiriş böyiça yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik. Ana şu ustuvor vazifalarni amalga oşiriş, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uçun mas’uliyatni zimmasiga olişga qodir yangi avlodni tarbiyalaş barçamizdan katta kuç-ğayrat, azmu şijoat bilan mehnat qilişni talab etadi. Mana şunday şarafli vazifani ado etişda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va kömak berişga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barçangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Hamişa soğ-omon böling, muhtaram ustozlar!», deb yakunladi tabrik sözini davlat rahbari.