Ukraina mudofaa kuchlari chorshanba kuni Vuhledar tashlab chiqilgani to‘g‘risida rasman ma’lum qildi. Rossiyalik harbiylar bir kun oldin Donetsk oblasti janubi-g‘arbidagi mazkur shahar egallangani haqida xabar bergandi. «Hortitsa» operativ-strategik qo‘shin guruhi ma’lumotiga ko‘ra, qurshov xavfi tufayli ukrain hariylarini shahardan olib chiqishga qaror qilingan.

Bir yil oldin Vuhledar boy berilishi ukrain armiyasi uchun og‘ir zarba bo‘lib, uni sharqiy frontda ham, janubiysida ham mudofaa konfiguratsiyasini o‘zgartirishga majbur qilgan bo‘lardi.

Mazkur qal’a shahar Ukraina qurolli kuchlarining Toretsk — Nyu York — Avdiyivka — Maryinka — Vuhledar — Velika Novosilka va keyin Zaporijjya shaharlari bo‘ylab o‘tgan yirik istehkomlari zanjirini tashkil etardi.

Ushbu shaharcha ahamiyatini (urushga qadar 15 ming kishi yashagan) Rossiya armiyasi Ukrainaga bosqinning ilk davridan uni egallashga qattiq harakat qilganidan ham bilish mumkin. Bu urinishlar muvaffaqiyatli yakunlanadigandek ham ko‘ringandi — 2022 yil noyabrida rossiyalik harbiylar Vuhledar janubi-g‘arbidagi Pavlovka posyolkasi tomondan yaqinlashib keladi. Ammo shundan keyin amalga oshirilgan ko‘plab yopirilma hujumlarning barchasi rossiyaliklar uchun yirik yo‘qotishlar bilan yakunlanadi.

Katta ehtimol bilan, ukrain qo‘mondonligi Vuhledarni nafaqat tayanch punkti, balki Donetskni janubdan aylanib o‘tib Dokuchayevsk yoki Volnovaxaga, shuningdek 2023 yil yozida janubiy frontdagi yurish muvaffaqiyatli chiqqan holda Mariupolga hujumga o‘tish uchun platsdarm sifatida ham ko‘rgan. Shu tufayli bu yo‘nalishga eng jangovar bo‘linmalar tashlangan.

Ammo ukrainlarning janubdagi yurishi o‘z maqsadlariga erisha olmadi, Rossiya armiyasi esa asosiy kuchlarini Donetsk oblastida jamlab, Ukraina qurolli kuchlarining asosiy tayanch punktlari tomon birin-ketin qonli amaliyotlar boshladi.

2024 yil kuziga kelib Donbass frontidagi vaziyat jiddiy o‘zgardi. Ukraina Avdiyivka, Maryinka, Krasnohorivka, Nyu Yorkni boy berdi, Toretsk ham qulash arafasida, Rossiya qo‘shini Pokrovsk tomon yurishni davom ettirmoqda, Chasiv Yar shturm qilinmoqda, ukrainlarning Kupyansk yo‘nalishidagi platsdarmi asosiy yerdan ajratib qo‘yilishiga yaqin qolgan.

Shu tufayli Vuhledar mudofaa zanjiridagi muhim element sifatidagi ahamiyatini ham yo‘qotib ulgurgan.

Shahar taqdiri hal bo‘lgani sentabr oyi o‘rtalaridayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi, o‘shanda Rossiya qismlari bir vaqtning o‘zida o‘ng qanotda ham (Vodyane hududida), chap qanotda ham (Prechistovka) yorib o‘tdi.

Vuhledar atrofidagi halqa toraya boshladi, Rossiya artilleriyasi va dronlar shimolga chekinish uchun Bogoyavlenka tomon boruvchi so‘nggi yo‘lni olov nazoratiga olganida esa, Vuhledardagi garnizon qurshovga tushish ehtimoli reallashdi — bu kamida 2 mingga yaqin askardan iborat brigada edi.