«Rahbar kadrlarni baholash markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:

- ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish;

- davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash;

- kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o‘zlashtirish va joriy qilish;

- kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish;

- rahbarlik lavozimiga nomzodlarni umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo‘yicha test sinovlarini hamda psixologik so‘rovnomalar o‘tkazish;

- rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo‘yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarini va zamonaviy usullarni keng joriy etish;

- faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borish.