Saylovchilar bitta savolga javob qaytarishi kerak: «Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?»

Referendumga uch kun qolganida, 3 oktyabr kuni mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AES qurilishini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbarining fikricha, aks holda Qozog‘iston «dunyodagi taraqqiyotdan chetda qolishi» mumkin.

«Atom elektr stansiyasi qurilishi — uzoq muddatli loyiha bo‘lib, u mamlakatimizning o‘nlab yillar davomida barqaror rivojlanishini ta’minlaydi, turli profildagi muhandislar va mutaxassislarning butun sinfini tayyorlash uchun sharoit yaratadi. Va bu afzalliklarni bugungi yoshlarimiz hamda qozog‘istonliklarning kelgusi avlodlari to‘liq his etadi», — deya qayd etgan To‘qayev respublika deputatlar forumidagi chiqishida.

«Muqobili yo‘q»

Atrofida AES qurilishi rejalashtirilgan Ulken qishlog‘i. Foto: Ruslan Pryanikov / AFP

Qozog‘iston energetika vazirligi 2035 yilga borib mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelishini prognoz qilmoqda. Idora hisob-kitoblariga ko‘ra, elektr iste’moliga talab yil sayin oshib bormoqda va hozirda mavjud bo‘lgan energiya manbalari «aholini to‘liq hajmda ta’minlay olmaydi».

Yaqin 10 yillikda Qozog‘iston yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishi lozim, deb hisoblaydi energetika vazirligidagilar. Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev atom elektr stansiyasiga muqobil yo‘l yo‘qligini ta’idlagan.

«Mamlakatda gaz resurslari cheklangani tufayli biz gaz generatsiyalarini keng ko‘lamda ishga tushira olmaymiz. O‘z navbatida, qayta tiklanadigan energiya manbalari tabiiy va iqlim sharoitlariga bog‘liqligi sababli elektr energiyasini ishlab chiqarishning ishonchli asosiy manbayi bo‘lib xizmat qila olmaydi. Jahon amaliyoti ko‘rsatishicha, atom elektr stansiyasi qurilishi tugayotgan quvvatlarni almashtirish va Qozog‘istonning energiya mustaqilligini ta’minlash uchun yagona to‘g‘ri yechim bo‘lib ko‘rinmoqda», — degan Satkaliyev.

Mamlakat rasmiylari AES qurilishi foydasiga argument sifatida 8000 ga yaqin ish o‘rinlari yaratilishi, obekt foydalanishga topshirilganidan keyin yana 2000 xodim jalb etilishini keltirishmoqda.