Rossiya qurolli kuchlari Vuhledarni egallagach, shahar shimolidagi o‘rmonzorlarda Ukraina qurolli kuchlarining barqaror mudofaasiga duch keldi. Ammo shahardan g‘arbda, Ukrainaning boshqa bir «qal’asi» — Velika Novosilkaga olib boruvchi yo‘lda — aftidan, bunday mustahkam mudofaa chizig‘i yo‘q. Ukraina qurolli kuchlari bu uchastkada kuchsizlangani, rasmiy ravishda Vuhledar qulashi bilan bog‘liq emas. Bu yo‘nalishda shahar mudofaasida qatnashmagan bo‘linmalar himoyalanmoqda. RF qurolli kuchlari ularga zarba berdi va lokal yutuqqa erishdi — Vuhledardan 15 kilometr g‘arbda joylashgan Zolotaya Niva qishlog‘i egallab olindi. Istiqbolda bu Ukrainaga yangi inqiroz bilan tahdid qiladi — bu safar Velika Novosilka hududida. Vuhledardan shimolda ham Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir vaziyat yuzaga kelmoqda — bu yerda Rossiya armiyasi shimol va sharqdan Kuraxovo tomon umumiy yo‘nalish bo‘ylab oldinga siljimoqda. Agar RF qurolli kuchlarining shu dinamikasi saqlanib qolsa, yil oxiriga borib Ukraina butun janubiy Donbassni yo‘qotishi mumkin.
Vuhledar fronti

Ukraina qurolli kuchlari uchun Vuhledar frontidagi muammo shundaki, ikki yildan ortiq vaqt mobaynida shaharni himoya qilib kelgan guruh uni tashlab chiqqach shimolga yo‘l oldi, Rossiya qo‘shini esa, aftidan, g‘arbiy yo‘nalishda hujum qilishga qaror qilgan. Shahardan g‘arbdagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlarining 58-motopiyodalar brigadasi joylashgan, bu brigada o‘tgan oyda Rossiya qo‘shini Vuhledarga g‘arbdan yorib kirishiga yo‘l qo‘yib bergan (va bu shahar taqdirini hal qilgandi), Prechistovka qishlog‘ini boy bergandi, endi esa — unga qo‘shni Zolotaya Niva qishlog‘ini ham.
Vuhledar ichkarisida himoyalangan 72-mexanizatsiyalashgan brigada esa RF qurolli kuchlari Bogoyavlenka va undan keyin Kuraxovoga o‘tmasligi uchun shahardan shimoli-g‘arbda yangi mudofaa chizig‘i tashkil etishga harakat qilmoqda.
Rossiya qo‘shinida endi Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilkaga (bu Ukrainaning Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi tayanch punkti sanaladi) olib boruvchi yo‘ldagi kuchsiz mudofaasiga hujum qilish imkoniyati yuzaga kelgan.
Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qo‘shini Vuhledardan shimolroqda — yozda egallab olingan Novomixaylovka tomondan hujumni davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlari Suxiye Yali daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab ham hujum qilmoqda va allaqachon Katerinovka hamda Antonovka qishloqlari uchun jang boshlagan. Kelgusida bu yurish Rossiya qo‘shinlarini Bogoyavlenka shimoliga, 72-brigada pozitsiyalari ortiga olib chiqishi mumkin.

















