Jahon | 14:40 / 21.10.2024
3524
2 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya uchun sudlangan Vladivostok sobiq meri urushga boradi

Vladivostokning hisob bo‘yicha ikkinchi sobiq meri poraxo‘rlikda ayblangandi, u Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Ukrainada jang qilmoqchi. 2023 yil oxirida Oleg Gumenyuk koloniyadan urushga jo‘nab ketgandi, endi esa Igor Pushkarev ham uning ortidan yo‘l oladi.

Igor Pushkarev Foto: Grigoriy Sysoyev / RIA Novosti

2019 yilda korrupsiyada ayblanib 15 yilga qamalgan Vladivostokning sobiq meri Igor Pushkarev Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainadagi urushda qatnashish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda 20 oktyabr, yakshanba kuni PrimaMedia va «Kommersant» nashrlari xabar berdi.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotni Pushkarevning advokati Ruslan Omelchenko «Kommersant»ga tasdiqladi.

Igor Pushkarev 2008-2017 yillarda Vladivostok meri bo‘lgan. 2019 yilda sud uni juda katta miqdordagi pora (50 million rubl), tijorat poraxo‘rligi va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topdi. U 15 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi va 500 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. 2022 yilda sud Pushkarevni mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ikkinchi jinoiy ishda aybdor deb topdi. Uning jazo muddati uch oyga oshirildi.

Pushkarev — Vladivostokning Ukrainaga urushga yo‘l olayotgan ikkinchi sudlangan sobiq meri. 2023 yil dekabrida 2019 yil aprelidan 2021 yil mayigacha shahar hokimi bo‘lgan va poraxo‘rlik ishi bo‘yicha 12 yilga qamalgan Oleg Gumenyuk ham urushga jo‘nab ketgandi.

Mavzuga oid