Prezidentning “Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Navoiy viloyati hokimligining Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • hududda soha va tarmoqlarning rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
  • zamonaviy o‘quv, ilmiy va IT-laboratoriya bazasini yaratish, ushbu laboratoriyalarni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ilmiy-innovatsion tadqiqotlar transferini amalga oshirish;
  • talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ularning natijalarini joriy etish yuzasidan ilmiy va amaliy takliflar ishlab chiqish;
  • o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlari, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va usullarini joriy etish, shuningdek, talabalardamustaqil ta’lim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy ilmiy-amaliy stajirovkasini tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • talaba-yoshlarda ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlikkasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.

Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishlarini universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga universitet diplomi beriladi.