O‘zbekiston | 17:57 / 19.11.2024
1430
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy regulyator organi ICH'ga kuzatuvchi maqomida rasman qabul qilindi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Joriy yilning 5-7 noyabr kunlari Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tgan farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash (ICH) assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistondan “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi direktori Alisher Temirov ishtirok etdi. Bu O‘zbekistonning ushbu nufuzli tashkilot yig‘ilishidagi ilk qatnashuvi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, ICH (International Council for Harmonisation of Technical Requiremens for Pharmaceuticals for Human Use) 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dori vositalari sifatini, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash uchun farmatsevtika mahsulotlari uchun xalqaro ilmiy va texnik talablarni muvofiqlashtiruvchi kengash hisoblanadi. Bugungi kunda ICH tarkibida 19 ta to‘laqonli a’zo va 36 ta kuzatuvchi maqomidagi ishtirokchi mavjud bo‘lib, ulardan asosiylari AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, shuningdek, bir nechta xalqaro tashkilotlarning tartibga soluvchi organlaridir.

Kengashda o‘z taqdimoti bilan nutq so‘zlagan Alisher Temirov, O‘zbekiston milliy regulyator organi va uning vazifalari hamda aholini sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashda muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu esa ICH a’zolari tomonidan yuqori e’tirof etilib, yig‘ilish yakunida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasini ICH’ga rasmiy ravishda kuzatuvchi maqomi sifatida qabul qilinishi bir ovozda ma’qullandi.

ICH’ga qo‘shilish O‘zbekistonning xalqaro farmatsevtika maydonidagi o‘rnini mustahkamlash, aholiga taqdim etilayotgan dori vositalari sifatini yaxshilash, shuningdek, farmatsevtika sohasida jahon mamlakatlari milliy regulyator organlari bilan xalqaro aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi. 

«Aytish joiz, ICH’da kuzatuvchi maqomini olish mamlakatimizning jahon farmatsevtika hamjamiyatiga integratsiyalashuvi jarayonidagi muhim qadam bo‘lib, mahalliy tartibga solish standartlarini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid