Nyu-Yorkda politsiya AQShdagi eng yirik tibbiy sug‘urta kompaniyalaridan biri UnitedHealthcare ijrochi direktori — 50 yoshli Brayan Tompsonni otib ketgan erkakni qidirishni davom etmoqda.

Qotillik 4 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 larda Manxetten markazida sodir bo‘ldi. Nyu-York politsiyasi komissari Jyessika Tishning so‘zlariga ko‘ra, qurollangan niqobli erkak Tompsonni Hilton Midtown mehmonxonasi yaqinida kutib turgan — bu yerda sug‘urta kompaniyasi investorlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tishi kerak edi. CNN ixtiyoriga kelib tushgan videoga ko‘ra, Tompson mehmonxonaga yaqinlashganida kapyushon va kulrang ryukzakda bo‘lgan erkak uning yonida paydo bo‘ladi va orqasidan o‘q uzadi. Tompson hujum uyushtirgan shaxsga o‘girilishga ulguradi, ammo keyin yerga yiqiladi. Jinoyatchi unga yaqinlashib, yana bir necha bor tepkini bosadi.

Qochib ketayotgan jinoyatchini Amar Abdulmula ismli taksi haydovchisi suratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum uyushtirgan shaxs ovoz so‘ndirgich o‘rnatilgan pistoletdan o‘q uzgan. Amar uni ko‘chadan yugurib o‘tayotganida ko‘rib qolgan. ABC News bilan suhbatda u gumonlanuvchini bo‘yi 185 santimetrga yetadigan, ozg‘indan kelgan erkak deb ta’rifladi.

Qotillikka nima sabab bo‘lgani hozirga qadar noma’lum, ammo politsiyaga ko‘ra, bu «qasddan, oldindan rejalashtirilgan hujumdir». CNN’ning tergovga yaqin manbalarining ta’kidlashicha, hujum uyushtirgan shaxs o‘q uzganidan keyin ko‘chaning qarama-qarshi tarafiga o‘tgan, xilvat joyga yashiringan va elektrovelosiped haydab ketgan. Uni oxirgi marta Markaziy bog‘ hududida ko‘rishgan.

Politsiyachilar hududni tekshirib chiqqan, ammo na velosiped, na qurol topilgan. Ular qotil qochayotganida tushib qoldirgan deya taxmin qilinayotgan suv idishi va telefonni topgan. Politsiya vakilining aytishicha, Starbucks kafesi kamerasi yozib olgan videoda hujum uyushtirgan shaxs suiqasddan taxminan yarim soat oldin suv va ikkita batonchik sotib olgani tasvirlangan. Politsiya o‘q uzgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida topilgan telefonni blokdan chiqarishga urinmoqda. Gumonlanuvchini topishga yordam bergan har qanday ma’lumot uchun 10 ming dollargacha mukofot e’lon qilingan.