NOTTINGHeM FOReST – ASTON VILLA (14 dekabr, 22:30)

Hozircha Angliya chempionatida «Nottinghem Fores» eng asosiy kashfiyotlardan biri bo‘lib turibdi – 15 turdan keyin Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlardan birini egallab turish ayniqsa APLda juda qiyin. O‘tgan turda «Old Trafford»da g‘alaba qozongan Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari bu ishni uddalashmoqda. Albatta, turnir jadvalidagi tig‘izlikni ham inobatga olish kerak, masalan, 10-o‘rindagi «Fulhem» atigi 2 ochko jamg‘argan xolos. Birminhemliklar hisobida esa, xuddi «o‘rmonchilar» kabi 25 ochko bor.

Albatta, Emeri jamoasidan yaxshiroq natija kutishga haqli edik. Ammo xuddi o‘tgan yilgi «Nyukasl» kabi bir necha frontda kurashish «Villa»ga ham qiyinchilik tug‘diryapti. Ayniqsa, oxirgi oy jamoa uchun og‘ir keldi – «Aston Villa» barcha musobaqalarda qatorasiga sakkiz o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmadi. Faqat so‘nggi uch o‘yindagi g‘alaba jamoaning ham Angliya chempionati, ham Chempionlar Ligasi jadvalidagi holatini biroz bo‘lsa-da yaxshilab berdi. Emeri jamoasi ayni paytda Chempionlar Ligasi umumiy jadvalida 5-o‘rinda borishmoqda. Agar «Monako» va «Seltik»ka qarshi o‘yinlardan birini o‘z foydasiga hal qilsa, «Aston Villa» kuchli sakkizlikka kirishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri nimchorak finalda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. «Manchester Siti», «Real», «PSJ», «Arsenal» kabi jamoalar ayni paytda sakkiztalikka kira olmayotgan paytda birminhemliklarning bu natijasi albatta tahsinga loyiq.

«Aston Villa» bundan keyingi o‘yinlarni «Manchester Siti», «Nyukasl» va «Brayton» kabi jamoalarga qarshi o‘tkazadi. Tabiiyki, boksing-dey oldidan yuqori o‘rinlarda qolish uchun ayniqsa, bugungi o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashi shart. O‘z navbatida «Nottinghem»ning ham taqvimi oson emas. Nunu shogirdlari keyingi o‘yinni o‘z maydonidagi o‘yinlarda deyarli yuz foizlik natija qayd etayotgan «Brentford»ga safar qilishsa, so‘ng «Tottenhem»ni qabul qilishadi.

Jarohatlarga kelsak, mezbonlar safida Danilo va Sangare sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Aston Villa» esa Leon Beyli, hamda Remzining yordamidan foydalana olmaydi. O‘tgan mavsumda bo‘lib o‘tgan har ikki o‘yinda mezbon jamoaning qo‘li baland kelgan. 2018 yilning noyabrida esa bu ikki jamoa Chempionshipda bo‘lgan va o‘sha mavsumdagi uchrashuvda 5:5 hisobi qayd etilgandi.

ATLeTIKO – XeTAFe (15 dekabr, 18:00)

Agar turli taktik kurashlar yoki driblinglardan zerikib, maydonda haqiqiy kurash tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, ushbu o‘yinga «tashrif buyurishingiz» kerak bo‘ladi. Pepe Bardalas qaysidir ma’noda Diyego Simeonening izdoshi hisoblanadi va uning jamoalarini doim yengish qiyin. Agar ko‘proq yugurib, ko‘proq kurash taklif etmasangiz, osonlikcha natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning ustiga ushbu o‘yin Madrid derbisi hisoblanadi. Aynan shu stadionda o‘tgan oxirgi 5 uchrashuvning ikkitasi durang bilan yakunlanib, qolgan uch o‘yinda ham «Atletiko» faqat minimal hisobda g‘alabaga erishgani bu safar ham bizni murosasiz bahs kutib turganiga dalolat qiladi. Ayniqsa, ikki yil avvalgi derbi esingizda bo‘lsa kerak, o‘yin davomida hisobda orqada ham borgan mezbonlar g‘alaba golini so‘nggi daqiqalarda urib 4:3 hisobida ustun kelgandilar.