Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Kerch bo‘g‘ozida bortida 13 kishi bo‘lgan «Volgoneft-212» tankeri halokatga uchradi. Rossiya FVVga ko‘ra, ekipajga yordam uchun Mi-8 vertolyoti yuborilgan, Kerchdagi Kamish-Burun buxtasidan esa Dengiz qutqaruvini muvofiqlashtirish markazining «Merkuriy» buksir kemasi yo‘lga chiqqan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, neft mahsulotlarini tashuvchi tankeri shikastlanib, qumloqqa o‘tirib qolgan. «Interfaks» agentligining favqulodda xizmatlardagi manbasiga ko‘ra, «Volgoneft-212» bortiga 4300 tonna atrofidagi mazut ortilgan bo‘lgan. Tankerdan qutqaruv amaliyoti doirasida 13 dengizchi evakuatsiya qilingan, ulardan biri vafot etgan, deyiladi vazirlik xabarida. Ekipajning 11 a’zosi Anapadagi shifoxonaga yotqizildi, deb xabar beradi Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev. Sog‘liqni saqlash vazirligi ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan.
Ko‘p o‘tmay qutqaruvchilar Kerch bo‘g‘ozida yana bir yuk tashish kemasi halokatga uchragani haqida xabar berdi — bu bortida 14 kishi bo‘lgan va to‘rt mingdan ortiq mazut yuklangan «Volgoneft-239» tankeri edi. Shikastlangan kema boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lsa-da, suv yuzasida qolgan. Huquq-tartibot organlariga yaqin hisoblangan Shot telegram-kanaliga ko‘ra, hodisa ro‘y bergan vaqtda ikki tanker ham sohildan sakkiz kilometr masofada bo‘lgan.
Baza telegram-kanali esa operativ xizmatlar xodimlari «Volgoneft-239»dan dengizchilarni qutqarishga kirishganini xabar qilgan. Shot ularning hayotiga tahdid yo‘qligini aytgan. RIA Novosti «Volgoneft-239» bortidagi ekipaj a’zolari bilan aloqa mavjudligini xabar qilgan. Keyinroq FVV aniqlik kiritib, kema Krasnodar o‘lkasidagi Taman portidan 80 metr masofada qumloqqa o‘tirib qolganini ma’lum qildi. Ekipajni evakuatsiya qilish rejalashtirilgan.
Halokat joyida olingan va telegram-kanallarda tarqalgan kadrlarga ko‘ra, to‘lqin zarbasidan keyin tankerlardan biri ikki qismga bo‘linib ketgan.
Kerch bo‘g‘ozida tankerlar bilan bog‘liq voqea ro‘y bergan joyda neft mahsulotlari sizib chiqishi ro‘y bergan, deb xabar qilgan Rosmorrechflot. «Dengiz qutqaruv xizmati» va Rossiya FVV kuchlari ko‘lami hozircha noma’lum bo‘lgan avariya oqibatlarini bartaraf etmoqda. Mutaxassislar vaziyatni baholash uchun zarur o‘lchovlarni o‘tkazmoqda, deb xabar bergan Rosprirodnadzor rahbari Svetlana Radionova.















