Koreya prezidenti Yun Sok Yol vakolatidan mahrum bo‘lib, mamlakatda prezident vazifasini bajarish vaqtincha bosh vazirga o‘tdi. Fransiyada esa 100 kun ham ishlamagan bosh vazir Mishel Barne ishdan olinib, mamlakatda oxirgi 4 yil ichida beshinchi marta hukumat almashdi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida bu ikki voqea misolida demokratiyaning jo‘shqin tabiati haqida so‘z yuritadi.

Mishel Barne Fransiyadagi beshinchi respublika tarixida eng qisqa vaqt bosh vazir bo‘lgan siyosatchi bo‘lib qoldi. U bosh vazir lavozimida amalda atigi 91 kun, rasman 99 kun ishladi. 5 dekabr kuni Fransiya parlamenti 1962 yildan beri ilk marta bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish huquqidan foydalanib, Barneni iste’foga chiqardi.

Iste’fo sababi davlat budjeti bilan bog‘liq. Fransiyada budjet defitsiti YaIMning 6 foizidan oshgan. Bu – Yevropa Ittifoqida belgilangan 3 foizlik limitdan ikki barobarga ko‘p. Mishel Barne defitsitni qisqartirish uchun 40 mlrd dollarni tejash ko‘zda tutuvchi ijtimoiy xarajatlar budjetini parlament tasdig‘isiz qabul qilgandi. Fransiya Konstitutsiyasi bunga rozilik beradi. Lekin so‘nggi saylovlarda parlamentdagi o‘rnini mustahkamlab olgan o‘ta so‘l va o‘ta o‘ng partiyalar buni hukumatning o‘zboshimchaligi deb baholab, hukumat raisiga ishonchsizlik votumi bildirishga qaror qildi.

Fransiyada hukumatlar davlat xarajatlarini parlament roziligisiz qabul qilishi holatlari avval ham bo‘lgan, lekin bu safar prezident Makronning partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega emasdi. Votumdan keyin u boshqa bosh vazir tayinlashiga to‘g‘ri keldi.

Janubiy Koreyada esa prezident Yun Sok Yol jiddiy siyosiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega muxolifatni Shimoliy Koreyadagidek kommunistik tuzumga simpatiya bildirishda va qasddan davlat faoliyatini falajlantirib qo‘yishga urinishda ayblab, harbiy holat e’lon qildi va bu harbiy holat davrida har qanday siyosiy faoliyat, xususan parlament faoliyatini ham taqiqladi. Ammo Koreya parlamenti harbiy holatni bekor qilishga ovoz bergach, hukumat taslim bo‘ldi, harbiy holat bir necha soat ichida bekor qilindi.

Yun Sok Yolning bu harakatini muxolifat va koreys jamoatchiligi davlat to‘ntarishiga urinish deb hisoblamoqda. Mudofaa vaziri barcha mas’uliyatni bo‘yniga olib, iste’fo berdi, ko‘p o‘tmay hibsga olindi, prezident esa oxirigacha kurashishini aytmoqda. Avvaliga prezidentning partiyasi uning yonini olib, impichment haqidagi qarorni boykot qilgan, natijada muxolifat prezidentni lavozimidan chetlatishga muvaffaq bo‘lolmagandi. Lekin o‘tgan bir hafta davomida jamoatchilikning qattiq bosimi va namoyishlar ortidan prezident partiyasi ham undan yuz o‘girdi va ikkinchi urinishda parlament prezidentga impichment e’lon qildi.