«Manchester Siti»ning inqirozi bu hafta ham davom etarmikin? Ikki tomondan kelib, oqibatda turnir jadvalida qo‘shni bo‘lib qolgan «Barselona» va «Atletiko» bahsida g‘olib kim bo‘ladi? Bu hafta ham Yevropada qiziqarli to‘qnashuvlar yetarli. Shuningdek, kuchli beshlikda to‘p surayotgan legionerlarimizga alohida e’tibor qaratishimizga to‘g‘ri keladi. «Roma» safidagi so‘nggi chiqishini gol bilan yakunlagan Shomurodovga murabbiy yana bir imkoniyat berishidan umid qilsak, Husanovning Fransiya kubogida «PSJ»ga qarshi bu safargi o‘yini muvaffaqiyatliroq bo‘lishiga ishonamiz.

ASTON VILLA – MANCheSTeR SITI (21 dekabr, 17:30)

Angliya Premer-Ligasi turnir jadvalining o‘rta qismi shu qadar zichki, masalan, «Aston Villa» ushbu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, kuchli to‘rtlikka kirib olishi, yutqazib qo‘ysa, hatto 13-o‘ringa tushib ketishi ham mumkin. 13-o‘rindagi «Manchester Yunayted» birminhemliklardan atigi uch ochko kam jamg‘argan xolos.

Ammo bu o‘yinning bosh qahramoni albatta, «Manchester Siti» jamoasidir. «Shaharliklar» inqirozi shu qadar uzoq muddat davom etmoqdaki, Pep Gvardiola allaqachon Joze Mourinio kabi avvalgi yutuqlarini sanashni ham, Erik ten Hag kabi jarohatlarni bahona qilishni ham boshlab yubordi. Tan olish kerak, jamoada albatta jarohatlar ta’siri juda og‘riqlik kechyapti. «Manchester Siti» bir necha yil oldin juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan pressing orqali o‘yinlarni nazorat qilgan bo‘lsa, keyinchalik, tarkibning biroz yoshi o‘tib, tezlik pasaygach, shuningdek, Holand kelib, jamoa o‘yini biroz soddalashgach, asosiy og‘irlik himoyachilarga tusha boshladi. Pep Kanselu yoki Zinchenko kabi asosan oldingi chiziqda harakat qiladigan fulbeklar emas, qanotlarda ham markaziy himoyachilardan foydalanish orqali raqiblarda qiyinchilik tug‘dira boshlagandi. To‘rt markaziy himoyachi va Rodri raqibning har qanday qarshi hujumini nazorat qila olar, bu esa oldingi chizikdagilarga erkinlik berardi.

Ushbu mavsumda aynan Rodrining, shuningdek, markaziy himoyachilarning jarohatlari Pepning rejalariga kuchli zarba bermoqda. To‘g‘ri, himoyachilar birdagina safdan chiqishmayapti, ammo biri qaytguncha, ikkinchisi jarohat olib, keraklicha rotatsiya qilish imkonini bermayapti. Misol uchun bu o‘yin oldidan Akanjining mashg‘ulotlarga qaytgani haqida xabarlar chiqqandi, orqasidan Diashning bir necha haftaga safdan chiqqani ma’lum bo‘lmoqda. Gvardiola yana eksperimentlar qilishga majbur. Edersonning ham maydonga tushish ehtimoli kam.

«Aston Villa»da esa yo‘qotishlar deyarli yo‘q. Leon Beyli va Remzilarsiz jamoa o‘ynashni o‘rganib olgan. Shu bilan birga Emeri jamoasining boshqa frontlarda ham qatnashayotgani har bir jarohatning salbiy ta’sirini badtar oshiradi. Safdan chiqqan futbolchi yetakchi bo‘lmasligi, hatto asosiy tarkibda o‘ringa ega bo‘lmasligi mumkin, ammo ba’zi daqiqalarda asosiy futbolchilarning o‘rniga tushadigan odam bo‘lmasa, muhim futbolchilarga yuklama ko‘proq bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ularning sport formasiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.