Jahon | 17:41 / 21.12.2024
3982
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziri Putin bilan gaz tranzitini muhokama qilish uchun Rossiyaga boradi

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso gaz tranziti masalasini muhokama qilish uchun Vladimir Putin bilan uchrashish niyatida ekanini ma’lum qildi. Ukraina 1 yanvardan Rossiya gazi va neftini Yevropa davlatlarida tranzit qilishni to‘xtatish niyatida.

Foto: AFP

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 23 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Vuchich 20 dekabr kuni Narru telekanali efirida aytib o‘tgan.

Vuchichning so‘zlariga ko‘ra, Fitso Putin bilan Ukraina 2025 yil 1 yanvardan Yevropaga gaz tranzitidan voz kechish niyatida ekanini muhokama qilmoqchi.

«Mendagi norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, men «norasmiy» dedimmi, bu aniq — Fitso YeI mamlakatining yetakchisi sifatida Putinning yoniga boradi, bunga Yevropaning boshqa davlatlari yetakchilari qanday munosabatda bo‘lishini aytib o‘tirish shart emas», — deydi Vuchich.

Slovakiya hukumati mazkur ma’lumotlarni tasdiqlamadi. Kreml ham hozircha bunga izoh bermadi.

Ukraina oldinroq 2025 yil 1 yanvardan Yevropaga Rossiyaning neft va gazi tranzitini to‘xtatishidan ogohlantirgan edi. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat boshqa davlatlardan tranzitni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan. O‘z navbatida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Ukrainaning gaz tranzitidan voz kechishi Slovakiyani inqirozga olib borishini ta’kidlagan.

Shu yil oxirida Rossiyaning «Gazprom» konserni va Ukrainaning «Naftogaz» davlat kompaniyasi o‘rtasidagi Rossiya Federatsiyasidan Ukraina orqali Markaziy Yevropaga gaz tranziti bo‘yicha shartnoma muddati tugaydi. Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini to‘xtatish Slovakiya, Chexiya, Vengriya va Avstriya kabi davlatlar uchun muammo tug‘dirishi mumkin, chunki ular ushbu ta’minotga qattiq qaram bo‘lib qolmoqda.

Slovakiya iqtisodiyot vaziri Denisa Sakovaning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari va korxonalarining Ukraina orqali tranzit bilan kelishi kerak bo‘lgan Rossiya gaziga bo‘lgan umumiy ehtiyoji 2025 yilda taxminan 15 milliard kub metrni tashkil qiladi.

Mavzuga oid