AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 18 dekabr kuni Kaliforniya shtatiga 2035 yilga qadar barcha yangi avtomobillar sotuvida nol emissiya bo‘lishini talab qiluvchi o‘z reglamentini to‘liq amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu haqda Kaliforniya gubernatorligi ma’lum qildi.

Kaliforniya havo resurslari kengashi tomonidan 2022 yilda qabul qilingan Advanced Clean Cars II (ACC II) reglamenti ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillar uchun emissiyalarni kamaytirishga doir qattiq talablarni ilgari suradi.

«Bayden-Xarris ma’muriyati biz o‘nlab yillar davomida bilgan narsamizni yana bir bor tasdiqladi – Kaliforniya havoni tozalash va ifloslanishni kamaytirish orqali odamlarimizni himoya qilish muammosiga yechim topishi mumkin. Har qachongidan ham ko‘proq marka va modellar mavjudligi sababli, millionlab kaliforniyaliklar allaqachon elektromobillarga o‘tishdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari bu borada bizning iste’molchilar bilan birga qolish niyatida ekanliklarini ochiq aytdi. Biz odamlarning pulini tejaydigan toza avtomobillar sari intilamiz.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom

Saylangan prezident Tramp kabi tanqidchilar neft sanoatini iste’molchilar va mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilardan ustunroq ko‘ryapti, lekin Kaliforniya bozorda yangi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», – degan Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom.

Qazilma yoqilg‘ilarda (benzin, dizel, gaz kabilar) yuradigan transportlar Kaliforniyadagi havo ifloslanishining eng katta manbayi hisoblanadi. Yuqoridagi tartibga ishga tushishi 2035 yilga qadar shtatda to‘liq ichki yonuv dvigatelida yuradigan yangi yo‘lovchi transport vositalarini sotishni bosqichma-bosqich to‘xtatadi.

Kaliforniya gubernatorligiga ko‘ra, Advanced Clean Cars II reglamenti quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Iste’molchilar puli tejaladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, haydovchilar texnik xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i narxining pastligi tufayli nol emissiyali mashinalarga o‘tishda 7,5 ming dollar mablag‘ini tejaydi. Tejalgan mablag‘ jami 90 milliard dollardan oshadi.
  • Hayotni va sog‘liqni saqlash xarajatlari uchun ham milliardlab dollarlar tejaladi. Ifloslantiruvchi moddalar 25 foizdan ko‘proqqa qisqarishi natijasida shtat aholisi nafas yo‘llari kasalliklari bilan bog‘liq tibbiy xarajatlarni 13 milliard dollargacha tejaydi.