NASA tomonidan uchirilgan koinot zondi Quyoshga rekord darajada yaqinlashmoqchi. Parker Solar Probe shafqatsiz harorat va haddan tashqari radiatsiyaga bardosh berib, yulduzning tashqi atmosferasiga kirdi. Ushbu parvoz paytida, nihoyatda yuqori harorat sharoitida, bir necha kun davomida qurilma bilan aloqa uzilib qolgan. Olimlar undan 28 dekabr kuni signal olishni kutmoqda, shu vaqtda uning omon qolgani yoki yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. NASA zond Quyoshning faoliyatini yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi, deb umid qilmoqda.
«Odamlar asrlar davomida quyoshni o‘rganib keldi, biroq unga yaqinlashmaguncha, atmosferasi haqida aniq tasavvurga ega bo‘la olmaysiz. Shu tarzda, biz ham yulduzimiz atmosferasiga kirmaguncha, uni baholay olmaymiz», dedi NASA ilmiy rahbari Nikola Foks BBC nashriga.
Parker Solar Probe 2018 yilda Quyosh sistemasi markaziga yo‘l oldi. U allaqachon Quyosh yonidan 21 marta uchib o‘tgan va unga tobora yaqinlashmoqda, ammo yangi yil arafasida bu yaqinlashish rekord darajada bo‘ladi. Eng yaqin nuqtada zond Quyosh yuzasidan 6,2 million km uzoqlikda bo‘lishi kerak.
Bu unchalik yaqin emasdek tuyulishi mumkin, ammo NASA xodimi Nikola Foks buni shunday izohlaydi: «Biz Quyoshdan 149 million kilometr uzoqlikdamiz. Va agar Quyosh va Yer bir-biridan bir metr masofada joylashtirilsa, Parker Solar Probe Quyoshdan to‘rt santimetr uzoqlikda bo‘ladi. Demak, bu juda yaqin».

Zond Tselsiy bo‘yicha 1400 daraja haroratga va bort elektronikasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan radiatsiyaga bardosh berishi kerak bo‘ladi. U 11,5 sm qalinlikdagi uglerodli kompozit qalqon bilan himoyalangan, ammo halokatga yo‘l qo‘ymaslik uchun qurilma yulduzga yuqori tezlikda yaqinlashib, keyin tezda undan uzoqlashishi kerak.
Aslida u boshqa sun’iy obektlarga qaraganda tezroq harakatlanadi: uning tezligi 692 ming km/soat ni tashkil qiladi – bu Londondan Nyu-Yorkka 30 soniyadan kamroq vaqt ichida uchish bilan teng.
Zond Quyoshga shunchalik yaqin joyda paydo bo‘ladigan ulkan tortishish kuchi ta’sirida bu tezlikka erisha oladi.
Xo‘sh, Quyoshga yaqinlashish nega kerak bo‘lib qoldi? Olimlar bu orqali Quyoshning toji bilan bog‘liq ko‘p yillik sirni hal qilishga umid bildirmoqda.
Uelsdagi Fifth Star Labs astronomi Jyennifer Millard: «Toj juda va juda issiq va buning sababini bilmaymiz», deb tushuntirdi.









