Bugun zeb-u ziynatga ko‘milgan, lekin baxtsiz bir oila haqida gaplashamiz. Bu videoni oxirigacha ko‘rsangiz, maoshdan maoshgacha amallab yashaydigan, limiti bir pasda tugab qoladigan elektr uchun zo‘rg‘a pul topayotgan, nuqul ro‘zg‘orining biror yeri but bo‘lmay qoladigan o‘rtahol oila mana shu milliardlar og‘ushidagi zodagonlardan chandon barobar baxtli ekanini tushunasiz. Siz qahratonda uyingizni amallab isitib olsangiz, halovat topasiz. Lekin bu bechoralar halovat nima ekanini endi tushida ham ko‘rmasa kerak.
Taassufki, ayol kishi milliardlab dollar puli, o‘nlab koshonalari va hatto diktator eri bo‘lsa ham, baxtdan masrur bo‘lmasligi mumkin ekan. Agar o‘sha bechora ayol dunyo ko‘z o‘ngida sharmandasi chiqqan diktator Bashar Asadning xotini bo‘lsa. Asma al Asad. Qizlik ismi Asma Favaz al Ahros. 1975 yil Londonda, suriyalik muhojirlar – kardiolog Favaz va diplomat Saxarning o‘ziga tinch oilasida tug‘ilgan. 2000 yil Suriyaga qaytgan Asma Bashar Asadga turmushga chiqadi.
Ular Londonda tanishganida Asad tish do‘xtiri, Asma esa obro‘li bankda ishlaydigan iqtisodchi bo‘lgan. Asmaga uylangan vaqtida esa bo‘lajak diktator Asad Suriya prezidenti bo‘lgandi.
Saraton bilan kurash
Bashar Asadning suriyaliklarga qarshi jinoyatlari haqida anchadan buyon gapirib kelishadi. Uning rejimi insonlarni e’tiqodiga, jamoasiga qarab qiynagan, qamagan, o‘ldirgan. Asad rejimi ag‘darilib, uning qamoqxonalaridan videolar e’lon qilindi, rejim qamoqxonalarida bo‘lganlar u yerdagi azoblar haqida gapirib berishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Asad rejimining jinoyatlari haqida aytilgan gaplar asta-sekin isbotini topmoqda.
Asma Asadning bu jinoyatlarga qanday aloqasi borligini bilmaymiz, u birinchi xonim bo‘lgan vaqtida asosan ijtimoiy loyihalar bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, jiddiy kasallik – saraton bilan kurashib kelgan. 2018 yil Asma Asad onkologik kasallik bilan Damashqdagi kasalxonaga yotqizilgani e’lon qilinadi.
Oddiy qilib aytganda, Asma xonim ko‘krak bezi saratoniga chalinadi. 2019 yilda undan o‘simtani muvaffaqiyatli olib tashlashadi. Shunda butun dunyodagi nashrlar Asad xonim saratonni yengdi degan xabarlar tarqatadi. 2024 yil may oyida esa Asma Asad endi leykemiya bilan og‘rigani ma’lum bo‘ladi.
Moskvadagi «uy qamog‘i»
2024 yil kuzi esa Asadlar oilasi uchun yomon boshlanadi. Asad rejimining ikki ustuni Eron va Rossiya o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, uni qo‘llolmay qolganidan boxabar Abu Muhammad al Jo‘laniy boshchiligidagi isyonchilar birin-ketin Suriya shaharlarini egallashga kirishdi. Ular Damashqqa yaqinlashgan paytda Bashar Asad qo‘rqoqlarcha ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, Suriyadan «tuyog‘ini shiqillatadi».

















