Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining 25 dekabr kuni Boku — Grozniy yo‘nalishida parvoz qilib, Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri yaqinida qulagan samolyoti Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, deb xabar berdi 26 dekabr kuni Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib. Jurnalistlarning Ozarboyjon hukumatidagi manbalari samolyot halokatiga Rossiyaning «yer-havo» sinfidagi raketasi sabab bo‘lganini aytishan. Manbalarga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar «faollashgan» vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan.
Nashrning Rossiyadagi manbalari Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Checheniston hududidan uchib o‘tayotgan vaqtda Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirmoqchi bo‘lganini aytgan. Checheniston Xavfsizlik kengashi rahbari Hamzat Qodirov ham chorshanba kuni tongda Grozniyga dronlar hujumi haqida xabar bergan va dronlardan biri aks etgan videoni namoyish etgandi.
Bokudagi AnewZ nashri Ozarboyjon hukumati manbalariga tayanib, raketa Pansir-S havo hujumidan mudofaa tizimidan otilganini xabar qilgan.
Euronews manbalari aytishicha, uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagan. Boku — Grozniy reysi yo‘lovchisi, halokat vaqtida yengil jarohat olgan Subhonqul Rahimov TASS muxbiri bilan suhbatda Azerbaijan Airlines ekipaji samolyotni Grozniyga qo‘ndirish uchun uch marta uringanini aytib bergan. Euronews yozishicha, ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qog‘og‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotning GPS navigatsiya tizimlari dengiz ustidagi parvoz davomida o‘chirilgan.
Britaniyaning aviatsiya xavfsizligiga ixtisoslashgan Osprey Flight Solutions kompaniyasi o‘z mijozlarini «Azerbaijan Airlines reysi katta ehtimol bilan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani» haqida ogohlantirgan, deb xabar bermoqda Associated Press agentligi.
Ozarboyjon, Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari samolyotni rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgani haqidagi versiyani rasman izohlamayapti.










