O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida (onlayn formatda) o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, YeOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat – Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Said Muhammad Otabak ham qatnashdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

Sammitda Mirziyoyev nutq so‘zladi va so‘nggi yillarda O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida YeOII bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktyabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston, shuningdek, YeOII savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Kelgusi yil mart oyida qo‘shma Ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Davlat rahbari YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi. Xususan, o‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va YeOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

Amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda, yaqin kelajakda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.