Bundan bir necha kun oldin Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti qulab tushdi. Oqibatda yo‘lovchilarning bir qismi halok bo‘ldi, qolganlari shifoxonaga yotqizildi. Bu Embraer E190 samolyotlari bilan sodir bo‘lgan yagona halokat emas.

2024 yil 25 dekabr kuni fuqaro aviatsiyasi tarixida yana bir ayanchli hodisa yuz berdi. Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga qarashli Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 62 yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolaridan 38 nafar odam halok bo‘ldi. 29 kishi tirik qoldi, biroq ularning ayrimlari shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

Samolyotning qulab tushishi bo‘yicha bir nechta taxmin bildirildi. Jumladan, Grozniy va Maxachqal’a aeroportlari uni qalin tuman tufayli qabul qilmagani va shu sababli samolyot Oqtovga uchishga majbur bo‘lgani aytildi.

Keyinroq Embraer E190 qushlar galasiga duch kelgani va oqibatda samolyotda nosozlik kuzatilib, u qulab tushgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Halokatdan bir kun o‘tib Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib samolyotga Grozniy tepasida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar “faollashgan” vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan. Buni Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbalari ham tasdiqlagan.

Euronews telekanalining manbalari uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmaganini aytgan. Ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.

Foto: Reuters

Ma’lum bo‘lishicha, Embraer samolyotlari juda ishonchli va ular ilk parvozlarni boshlagan 2002 yildan buyon Oqtovdagi hodisagacha bor-yo‘g‘i ikkita halokat sodir bo‘lgan.