Qo‘shma Shtatlarning 39-prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi. So‘nggi yillarda u og‘ir betob edi. BBC uning hayoti va siyosiy faoliyati haqida yozdi.

Jyeyms Erl Karter, boshqa narsalar qatori, o‘zining qisqartirilgan ismi - Jimmi bilan chaqirishni so‘ragan birinchi yuqori martabali davlat arbobi sifatida tarixga kirdi. «Men oddiy fermerman, bu menga ko‘proq qulay», dedi u jurnalistlarga.

Keyinchalik bu moda ingliz-sakson dunyosida o‘z o‘rnini topdi: Toni (Entoni emas) Bler, Bill (Uilyam emas) Klinton, Jo (Jozef emas) Bayden va boshqalar. Bugun, bunday an’ana yo‘qolib bormoqda va siyosatchilar «ismi qanday yozilgan bo‘lsa, shu tarzda murojaat qilishni» talab etmoqda.

«Qishloqi yigit»

Karter siyosatda qishloqi-idealist timsolidan to‘liq foydalandi. Uning asosiy tashviqot shiori «Sizlarga hech qachon yolg‘on gapirmayman!» edi. Aslida, u juda ham «qishloqi» emas - ikkita nufuzli diplomga ega – Jorjiya texnologiya instituti va Annapolis harbiy-dengiz akademiyasi, 1950-yillarning boshlarida u birinchi atom suvosti kemalarida xizmat qildi. «Fermerlik» esa unga otameros edi, shu tufayli qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullandi. Karterning siyosiy strateglari «ferma» deb atagan narsa aslida yeryong‘oq ishlab chiqaradigan yirik sanoatlashgan korxona edi.

«Sizlarga hech qachon yolg‘on gapirmayman!» - AQSh prezidentligiga nomzod Jimmi Karter (BBC)

Karter ikki marta, 1962 va 1964 yillarda Jorjiya Senatiga saylandi, 1970 yilda esa ushbu janubiy shtat gubernatori bo‘ldi.

Fuqarolar urushi davrida Jorjiya quldorlik konfederatsiyasining bir qismi edi. Karter o‘ziga o‘tmish bilan aloqani butunlay uzgan «Yangi janub» vakili sifatida obraz yaratdi. U shimoliy liberal Uolter Mondeylni vitse-prezidentlikka taklif qildi va qoratanli amerikaliklar huquqlari uchun kurashuvchi taniqli shaxslarni o‘z tomoniga og‘dirdi.

Omadsizlik seriyasi

1976 yilda AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Karter Vetnam urushiga borishdan bosh tortganlarni amnistiya qildi, o‘z ma’muriyatiga ayollar va milliy ozchilik vakillarini kiritdi, o‘zidan oldingilarga qaraganda qishloq joylariga ko‘proq sayohat qildi va «Prezident Karterdan so‘rang» radio dasturida muntazam ravishda amerikaliklarning savollariga javob qaytardi.