23 dekabr kuni uzoq kutishlardan so‘ng navbati yetay deganda gaz to‘ldirish stansiyasi yopib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, yirtilib ketgan poyabzalini ko‘rsatgan holda mas’ullarga o‘z noroziligini namoyish etgan fuqaroning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
31 dekabr kuni u Toshkentda qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining 26 dekabrdagi qarori bilan fuqaro G‘ayrat Do‘stov «mayda bezorilik» sodir qilgan, deb topilib 15 sutkaga qamalgan.
Bu xabar keng jamoatchilik va faollarda norozilik uyg‘otmoqda. Bu muammoni emas, balki uni gapirib chiqqan insonni «yo‘qotish» hamda adolatsizlik, deya baholanmoqda.
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov 2025 yil boshida «inson qadri uchun, inson baxti uchun birgalikda harakat qilamiz», degan shiorga ishonishi hamda fuqaro kafolat ostida olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘lishini yozgan.
«G‘ayrat Do‘stovga kafolat berib olib chiqilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Tuman, shahar kengashi deputatlari bor. Mahalla bor. Uyida qaramog‘ida bola-chaqasi ko‘z tikib o‘tirgandir.
Davlatning Kuch proporsiyasi bor, Mehr proporsiyasi ham. O‘z kuchiga ishongan davlat mehriniyam ayamaydi».
Bundan tashqari, Otabek Bakirov sovuq kunlar kirib kelishi va yana navbatlar fonida istalgan boshqa o‘zbekistonlik ushbu fuqaroning o‘rnida bo‘lishi mumkinligini yozgan. U energetika sohasi uchun mas’ullarni gaz berilmayotgan o‘rinda, yetarlicha va jonli axborot berishga chaqirgan.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa og‘zi shaloq amaldorlar bitta uzr bilan qutulayotgan vaqtda, botinkasi teshik oddiy bir xalq vakili qamab qo‘yilishini adolatdan emas, deya baholagan.
«Agar xalq adolatni his qilsa, juda ko‘p muammolarga sabr bilan chiday oladi. To‘g‘ri, muammolardan norozi bo‘lib, e’tirozini baralla aytadiganlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiy, chunki xalq bu yaxlit tana emas, 37 million xil insondan tarkib topgan. Ammo gapirib-gapirib, baribir muammolarga sabr qilishda, tishini-tishiga qo‘yib, turmush tashvishlari bilan o‘ralashishda davom etaveradi. Axloqsizlikka o‘tmaydi. Dardini aytib, sal yengillashishi mumkin, chunki bu jinoyat emas.
















