Donald Tramp AQSh Grenlandiya va Panama kanali ustidan nazorat o‘rnatishi istagini yana bir bor tilga oldi va buni harbiy yo‘l bilan qilish variantini istisno etmadi.

«Men faqat bir gap aytishim mumkin: bizga ular iqtisodiy xavfsizlik uchun kerak. Menga buni ancha oldin, nomzodimni qo‘yishimdan ancha oldin aytishgan edi. Aytmoqchimanki, odamlar bu haqda ko‘pdan beri gapirishadi. U yerda taxminan 45 ming kishi bor. Odamlar aslida Daniyaning unga qandaydir qonuniy huquqlari bor yoki yo‘qligini bilishmaydi, lekin agar bo‘lsa, undan voz kechishlari kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlik uchun kerak. Bu erkin dunyo uchun. Men erkin dunyoni himoya qilish haqida gapiryapman», — dedi Mar-a-Lagodagi matbuot anjumanida AQShning saylangan prezidenti. 

Jurnalistlar Trampdan Panama kanali va Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy va iqtisodiy kuch ishlatmaslikka va’da berishga tayyormi, deb so‘rashgan. 

«Daniya bizga milliy xavfsizligimiz uchun zarur Grenlandiyaga bo‘lgan huquqlaridan voz kechishi kerak, erkin dunyo uchun. Chunki u yerda hozirda hammayoqda Xitoy va Rossiya kemalari suzib yuribdi.

Xitoy amalda bizning mamlakat uchun o‘ta muhim bo‘lgan Panama kanalini boshqarmoqda. Biz Panama kanalini Xitoyga bermadik, balki Panamaga berdik. Va ular buni suiiste’mol qildi. Ular bu sovg‘ani suiiste’mol qildi. Ular boshqa mamlakatlarning kemalariga qaraganda bizning kemalarimizdan ko‘proq haq oladi. Ular bizni ahmoq deb hisoblashgani uchun ustimizdan kulishyapti, lekin biz ortiq ahmoq emasmiz. Panama kanali harbiy kuchlarimiz uchun qurilgan.

Men [harbiy yoki iqtisodiy harakatlar qilmaslik] majburiyatini zimmamga ololmayman. Nimadir qilishga to‘g‘ri kelib qolishi ham mumkin», — deya javob qaytargan Tramp.

Bundan biroz oldinroq Grenlandiyaga uning o‘g‘li, kichik Donald Tramp tashrif buyurgandi — bu uning otasi Daniyaning avtonom hududini AQSh nazorati ostiga olish istagini oshkora bildirganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi.

Foto: Instagram / donaldjtrumpjr

Grenlandiya markazi bo‘lmish Nuuk shahriga kelishdan oldin kichik Donald orol aholisi bilan muloqot qilish uchun «bir kunlik safarga otlangani», rasmiylar bilan uchrashishni rejalashtirmagani haqida aytgandi.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp yaqinda yana bir bor oldinroq aytgan gapini eslatdi: «Grenlandiyaga egalik qilish va nazorat o‘rnatish — AQSh milliy xavfsizligi uchun mutlaq zaruratdir».