Toshkentning Yunusobod tumani Yangiariq mahallasida yozuvchi Oybek va rafiqasi, birinchi o‘zbek kimyogari Zarifa Saidnosirova xonadoni joylashgan. Xaritada Iftixor 1-tor ko‘chasi 26 manzili bilan chiqadi. Izlab boruvchiga yordam bersin deb ko‘chaning boshida uy-muzeyga ishora qiluvchi taxtacha ilingan. Yo‘nalish belgisiga ergashsangiz, o‘ng qo‘lda quyuq jigarrangli darvozaga duch kelasiz. Darvozaning tepasida oltin rangli harflar bilan “Oybek uy-muzeyi” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi.


Ichkariga kirishingiz bilan 2 qavatli oq bino ko‘zga tashlanadi. Bu joy haqida birozdan keyin to‘xtalamiz.

Oybek va rafiqasi qurgan bir qavatli uy esa chap tomonda joylashgan. Muzeyning asosiy eksponatlari shu yerda saqlanadi. Ular 10 mingdan ortiq. Muzey bilan tanishish Oybekning bolaligi o‘tgan xonadan boshlanadi.


Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkentning Gavkush mahallasida bo‘zchi oilasida tug‘ilgan. Yozuvchining ota-onasi, buvasi va mahallasi haqidagi xotiralari avtobiografik asari “Bolalik”da tasvirlagan.

U ilk saboqni Oqmasjid mahallasidagi eski maktabda oladi. 1918-1921 yillarda esa Munavvarqori Abdurashidxonov tashkil etgan “Namuna” maktabida o‘qiydi. “Bu maktabda tayyorgarligi ancha jiddiy bo‘lgan iste’dodli yoshlar o‘qituvchilik qilgan. Ularning qo‘lida ta’lim olgan yoshlar orasidan keyinroq Hamza, Qayum Ramazon, Oybek, Mannon Uyg‘ur kabi iste’dodli adib va san’atkorlar yetishib chiqdi”, – deb yozadi olim, jadidshunos Sirojiddin Ahmad.
Keyin Navoiy nomidagi ta’lim va tarbiya texnikum-internati, Toshkent universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida, Leningrad xalq xo‘jaligi institutida o‘qiydi. 1930 yilda kasal bo‘lib qolgani uchun Toshkentga qaytib, Toshkent universitetida o‘qishini tugatadi. O‘qish yillari haqda yozuvchining o‘zi shunday yozadi: “Mening o‘qish yillaridagi yo‘lim o‘sha vaqtdagi o‘zbek yoshlarining yo‘lidir. 1921 yilda Toshkentning eski shaharida Xadrada yangi tashkil qilingan Navoiy pedagogika texnikumiga kirib o‘qishni davom ettirdim”, – deb yozadi u.


































