Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahrida “O‘zbekiston” mittitumani bor. Dog‘istonliklar uni “O‘zbekiston” shaharchasi (“Uzbek-gorodok”, “Uzbekgorod”) deb atashadi. Xo‘sh, Shimoliy Kavkazdagi respublika poytaxtida O‘zbekiston nomi bilan bog‘liq shaharcha qanday paydo bo‘lgan?
Bugun sovet davri haqida gap ketganda ayrimlar “Toshkentda zilzila bo‘lganda butun ittifoqdan yordam kelgan edi. Boshqa respublikalardan kelib O‘zbekiston poytaxtini qayta tiklashgan edi”, deb qolishadi.
To‘g‘ri, Toshkentda zilzila sodir bo‘lganda hamma yoqdan yordam kelgani rost. Biroq boshqalar boshiga kulfat tushganda yoki ittifoqdosh respublikalarda yirik qurilishlar bo‘lganda o‘zbekistonliklar ham qarab turmagan, yordamga borib ishlagan.
Uzoqqa bormaylik, 1970-yillarda Baykal-Amur magistrali (BAM) nomi bilan Sibirda va Uzoq Sharqda juda uzun temiryo‘l liniyasi quriladi. Ana shu qurilishga borgan o‘zbekistonliklar temiryo‘lning ancha qismini, unga tutash hududlarda shaharchalar, temiryo‘l bekatlari qurishgan.

mytashkent.uz
Shunga o‘xshash yana bir hodisa Kavkazda joylashgan Dog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan. Bu respublika poytaxtida zilzila sodir bo‘lganda o‘zbekistonliklar birinchilardan bo‘lib yordamga yetib borishadi.
1988 yilda Armanistonda kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Oqibatda shahar va qishloqlar vayronaga aylanadi. Ana shunda ham o‘zbekistonliklar darhol yordamga yetib borgandi.
Bunday misollar juda ko‘p. Aytmoqchi bo‘layotganimiz sobiq ittifoq davrida o‘zbekistonliklarda hech kimning haqqi qolib ketmagan. Yurtdoshlarimiz ham boshqalarga yordam berib “qarzni qaytargan”.
Zilzila
1970 yil 14 may kuni Maxachqal’a shahrida kuchli zilzila sodir bo‘ladi. Yer tungacha bir necha marta qimirlaydi. Zilzila markazi shahardan 30 km masofada, yer ostida edi.
Dastlabki qimirlash kunduzi soat 12:20 da ro‘y beradi va Maxachqal’ada Rixter shkalasi bo‘yicha 5-6 balli zilzila kuzatiladi.
Ikkinchi zilzila soat 21:12 da sodir bo‘ladi va bu safar uning kuchi 9 ballga teng bo‘ladi. Oradan uch minut o‘tgach zilzila 9 ball atrofida yana qaytalanadi.















