Kuchli beshlikda kichik tanaffuslar, turli darajadagi kubok va superkubok o‘yinlaridan so‘ng, asosiy turnir – chempionatlar uchun qizg‘in palla boshlanmoqda. «Yuventus»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga «Milan» chek qo‘ya oladimi? Emeri yana «Arsenal»ni chalib qolishga qodirmi? «Manchester Yunayted» APL ushbu mavsumida qatorasiga ikki g‘alabaga erishishni nihoyat eplay oladimi? Konte peshqadamlikni mustahkamlay oladimi? Ushbu dam olish kunlaridagi o‘yinlarni tomosha qilib juda ko‘p savollarga javob topish mumkin.

YuVeNTUS – MILAN (18 yanvar, 22:00)

«Yuventus» so‘nggi A Seriyadagi so‘nggi uch o‘yinini ham durang bilan yakunladi va chempionatdagi duranglar sonini 13 taga yetkazdi. Kuchli beshlikda «PSJ» bilan birgalikda haligacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan turinliklar chempionlik kurashi tugul, hatto kuchli to‘rtlikda ham emaslar. Hammasi shu duranglar sababli. Bunday muammo qaysidir ma’noda «Milan»da ham bor. Milanliklar barcha musobaqalarda 8 o‘yindani beri mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan bo‘lishsa-da, keraksiz duranglar ham ko‘payib ketyapti. Jumladan, «Jyenoa», «Roma» va «Kalyari» bilan o‘z maydonidagi duranglar, albatta, muxlislar tomonidan kutilmagandi.

Yaxshi gaplar ham bor. «Roma» bilan o‘yinda Fonseka hakam tomonidan maydondan chetlatilgach, o‘sha qizil kartochka murabbiyni nafaqat o‘yindan, butunlay «Milan»dan chetlatgan bo‘lib chiqdi. Serjiu Konseysau yangi murabbiy etib tayinlangach esa «Milan» kutilmaganda mamlakat superkubogini qo‘lga kiritdi. Ushbu musobaqa yarimfinalida aynan «Yuventus» ustidan irodali g‘alaba qozonilganini ham ta’kidlash kerak. Qizig‘i, Konseysau qo‘l ostida milanliklar 3 ta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, uchalasi ham hisobda orqada bo‘lib turib qo‘lga kiritildi. Irodani namoyish qilish yaxshi, ammo boshqa tomondan bu holatga ijobiy baho berib ham bo‘lmaydi. Demak hali o‘yinlarga tayyorgarlik, taktika borasida jamoa to‘liq o‘zgarmagan, shunchaki Konseysauning xarizmasi, shogirdlarini emotsional tomondan to‘g‘ri yo‘naltira olayotgani, so‘nggi daqiqalargacha kurashish, o‘ziga ishonch katta ekani sababli yakunda burilish yasay olishmoqda. Bundan kelib chiqsak, navbatdagi o‘yin ham «Milan»ning bugungi holati, balki kelajagi haqida ham ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishimiz uchun zamin yaratadi.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, qiziq faktlar o‘rtaga chiqadi. Masalan, «Yuventus» besh o‘yindan beri o‘z maydonida «Milan»ni yuta olmay kelmoqda. 2019 yilda «Yuventus» Dibalaning goli yordamida «Milan»ni 1:0 hisobida mag‘lub etganida, bu mezbonlar uchun azaliy raqibi ustidan qatorasiga to‘qqizinchi g‘alabasi edi. Ammo shundan so‘ng ustunlik qizil-qoralar tomoniga o‘tdi. Turinda «Yuventus» yuta olmay kelyapti. To‘g‘ri, shu oraliqda Milanda kechgan o‘yinlarda ikki marta «Yuventus» g‘alaba qozonganini ham aytib o‘tish kerak.