Surxondaryo viloyatidagi maktablardan birida direktor o‘rinbosari o‘quvchi qizning nomusiga tekkan. Direktor o‘rinbosari va o‘quvchining ism-sharifi Kun.uz'ga ma’lum.
Tahririyatga kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, direktor o‘rinbosari yuqori sinf o‘quvchisini nomusiga tegib kelgan. 2024 yilning sentabr oyida o‘quvchining ota-onasi bu haqda xabar topgan va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilgan.
Bolalar ombudsmani Surxondaryoda shunday holat bo‘lganini Kun.uz'ga tasdiqladi. Holat bo‘yicha voyaga yetmagan qizning ota-onasi arizasi asosida bolalar ombudsmani va IIB hamkorligida tergov harakatlari olib borilgan. Direktor o‘rinbosari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
“Voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatga oid ish yurituvi bola manfaatlari himoyasi nuqtayi nazaridan ish tafsilotlari oshkor etilmagan tarzda olib boriladi. Bolalar ombudsmani bolaning hayoti, sog‘lig‘i va jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan har qanday jinoyat bo‘yicha olib borilayotgan tergov davomida o‘z vakolatlari doirasida kuzatuv olib bormoqda”, – deyiladi bolalar ombudsmani Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotda.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda ish sudga oshirilgan. Sud majlisi yaqin kunlarda yopiq tarzda bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, Buxoro viloyati Peshku tumanida 12 yoshli qiz homilador bo‘lib qolgani aytilgandi.







