Jahon | 16:46 / 29.01.2025
2382
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi shaharda hayotini xavfga qo‘yib, chiroyli suratlar olishga urinayotgan sayyohlarga qarshi qo‘riqchilar yollandi

Sayohatchilar mahalliy aholining ham tinchini buzmoqda. Ularning ko‘pchiligi xususiy mulkka ruxsatsiz kiradi, shuningdek, atrofni ifloslantiradi.

Foto: imagenavi/Getty Images

Yaponiyaning uncha katta bo‘lmagan Otaru shahrida mahalliy hokimiyat chiroyli suratlar olishni xohlovchi sayyohlar to‘dasiga qarshi kurashish uchun qo‘riqchilar yolladi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Ushbu qaror mahalliy aholining shikoyatlariga javoban qabul qilingan. Sayyohlar guruhlari shahar va dengiz manzarasini aks ettirgan Otaruning eng go‘zal ko‘chasiga tashrif buyuradi, oqibatda u yerda gavjumlik hosil bo‘ladi, ular ortidan chiqindi qoladi.

“Ko‘chada to‘planib turgan yoki yonma-yon yuruvchi sayyohlar ko‘pincha transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, ushbu moliya yilida aholiga buning ta’siri kuchli bo‘ldi”, — dedi shahar amaldori Mainishi Shimbun.

Buning ustiga, sayyohlarning katta oqimi nafaqat shahar hayotiga, balki shaxsiy turmushga ham xalal bermoqda. Ko‘plab mehmonlar chiroyli kadr izlab, uylarning chegaralarini buzib, xususiy mulkka bostirib kirmoqda.

Ba’zan noxush voqealar ham yuz beradi. Xususan, yanvar oyida xitoylik ayol halok bo‘ldi. U Otaruga temiryo‘l ustidan yurib bormoqchi bo‘lgan, biroq uni poyezd urib yuborgan. Ayolning eri aytishicha, rafiqasi “Sevgi shahri” filmida ko‘rsatilgan joyni suratga olishga uringan va yaqinlashib kelayotgan poyezdni sezmay qolgan.

Yaponiyada rasmiylar sayyohlarni unchalik mashhur bo‘lmagan hududlarga tashrif buyurishga undamoqda. Bu orqali mamlakatning Tokio va Osaka kabi yirik shaharlaridagi asosiy diqqatga sazovor joylarda gavjumlikni kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Biroq sayyohlarning katta oqimi kichikroq shaharlar infratuzilmasiga jiddiy bosim o‘tkazib, mahalliy aholi orasida norozilik uyg‘otmoqda. Otaru shahrida bu muammo so‘nggi oylarda keskinlashdi. Shunga qaramay, mahalliy hokimiyat vaziyatni turli usullar bilan yaxshilashga urinmoqda. Masalan, atrofga infratuzilma va mahalliy aholini hurmat qilishni so‘rab, maxsus belgilar o‘rnatilmoqda.

Mavzuga oid