30 yanvarga o‘tar kechasi bir vaqtda o‘tkazilgan 18 ta o‘yindan keyin Chempionlar ligasi guruh bosqichining 36 klubdan iborat yakuniy jadvali shakklandi. Dastlabki sakkiz o‘rinni egallagan jamoalar darhol 1/8 finalga yo‘l oldi va bahorgacha keyingi raqiblarini kutadigan bo‘ldi, 9-o‘rindan 24-o‘ringacha bo‘lgan jamoalar fevralda o‘tish o‘yinlarida qatnashadi. Oxirgi 12 pog‘onadagi jamoalar turnir bilan xayrlashdi.

31 yanvar kuni, Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da o‘tish o‘yinlari uchun qur’a tashlanadi. Asosiy prinsip: jadvaldagi har ikkinchi o‘rin ahamiyatga ega. Masalan, 9-o‘rindagi jamoa 23- yoki 24-o‘rindagi jamoa bilan o‘ynashi mumkin (10-o‘rindagi ehtimoliy raqiblar ham shu jamoalar bo‘ladi). Shartli «Atalanta» yoki Dortmundning «Borussiya» klubi yoki «Sporting», yoki «Bryugge» bilan o‘ynashi aniq. 11-klub yoki 21-o‘rindagi, yoki 22-o‘rindagi jamoa bilan o‘ynaydi (agar 21-o‘rin vakili 11-klubga tushsa, unda o‘z o‘zidan 22-o‘rin vakili 12-o‘rindagi jamoaga raqib bo‘ladi) va hokazo. UYeFA sayti xabar berishicha, bu format olti yil mobaynida ishlab chiqilgan.

Qur’a vaqtida avvaliga 23- va 24-jamoalar ko‘rsatilgan sharlar olinadi. Birinchi chiqqan shar setkaning yuqori qismiga, ikkinchisi quyi qismiga yuboriladi. UYeFA rasmiy grafikasida bu setkaning chap qismi (kumush) va o‘ng qismi (ko‘k) bo‘ladi. Keyin esa 21- va 22-o‘rinlardagi jamoalarning o‘rni aniqlanadi. Bu jarayon 9- va 10-klublar ko‘rsatilgan sharlargacha davom etadi. Ya’ni hozirning o‘zida 9-o‘rindan 24-o‘ringacha bo‘lgan jamoalarda faqat ikki ehtimoliy raqib borligini bilamiz. Masalan, qur’a natijalariga ko‘ra «Manchester Siti» yoki «Real», yoki «Bavariya» bilan to‘qnash keladi (bu grandlar «Seltik»ning ham ehtimoliy raqiblari hisoblanadi).

Qur’a tashlashda hech qanday cheklovlar bo‘lmaydi – o‘tish o‘yinlarida bir mamlakat vakillari o‘zaro uchrashishi mumkin. Masalan, «PSJ» (15-o‘rin) «Monako» yoki «Brest» (mos ravishda 17- va 18-o‘rinlardagi jamoalar) bilan o‘ynaydi, «Milan» esa «Yuventus» (yoki «Feyyenoord») tushishi mumkin.

 

Agar jamoalar guruh bosqichida o‘zaro o‘ynagan bo‘lsa, bu ular o‘tish o‘yinlarida yana to‘qnashishiga to‘sqinlik qilmaydi. Masalan, Dortmundning «Borussiya» klubiga 50 foizlik ehtimol bilan «Bryugge» raqib bo‘ladi, holbuki ular sentabr oyida ham YeChL doirasida o‘ynashgandi.

9-o‘rindan 16-o‘ringacha bo‘lgan jamoalar nafaqat saralangan jamoalar hisoblanadi, balki o‘tish o‘yinlaridagi javob uchrashuvlarini o‘z maydonlarida o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishadi, buni esa ustunlik deyish mumkin. Bu kabi sxema Chempionlar ligasidan tashqari Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasi uchun ham ko‘zda tutilgan.