Abduqodir Husanovga Pep Gvardiola navbatdagi imkoniyatni beradimi? Shomurodovning Yevropa Ligasidagi goli «Napoli»ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushishiga asos bo‘la oladimi? Kuchli beshlik anonslarida hamyurtlarimizning ham nomi yozilishi naqadar xursand qiladi odamni, shunday emasmi? Bu hafta ham Yevropada bir qator qiziqarli uchrashuvlar bizni kutmoqda. «Liverpul» jiddiy sinov uchun Bornmutga tashrif buyursa, shuningdek, bizni mavsumdagi uchinchi Milan derbisi kutib turibdi.

BORNMUT – LIVeRPUL (1 fevral, 20:00)

Agar Angliyada ayni damda «Liverpul»ga chindan ham muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jamoa mavjud bo‘lsa, u ham «Bornmut»dir. Iraola shogirdlari so‘nggi oylarda juda zo‘r sport formasiga kirib oldi – 12 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya, oxirgi 5 o‘yinda urilgan 17 gol va yana bir qator statistik ko‘rsatkichlarda jamoa juda yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etgan. «Bornmut»ning bu yuksalishi aslida so‘nggi paytlardagi seriya bilangina bog‘liq ham emas, zero mavsum boshidan buyon jamoa ko‘rsatilgan o‘yinning statistik asosi bo‘lmish xG bo‘yicha APLda 3-o‘rinda borayotgandi. So‘nggi turlarda shunchaki, «Bornmut»ni omadsizlik biroz tark etdi xolos. Bundan tashqari, g‘alabali seriyalarni taqvim bilan bog‘lash ham qiyin. Masalan,shu davrda «Bornmut» «Manchester Yunayted», «Nyukasl», «Chelsi» kabi jamoalarga qarshi safarda to‘p surganini ta’kidlash mumkin.

Yana bir e’tiborli jihat, qatorasiga ikki o‘yindan beri «Bornmut» futbolchilari het-trik qayd etishmoqda. Nyukaslda Jastin Klyuvert bunday natijaga erishgan bo‘lsa, «Nottinghem»ga qarshi Kuattara uch gol muallifi bo‘ldi. Umuman bu juftlikning so‘nggi o‘yinlardagi statistikasi ajoyib: Kuattara oxirgi 6 o‘yinda 6 gol va 1 assist, Klyuvert esa so‘nggi 4 o‘yinda 5 gol va 3 assist qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.

«Liverpul» esa tabiiyki, yevrokuboklarning yaqinlashib kelayotgan bo‘hroni oldidan ochko yo‘qotmaslikka, imkon qadar chempionatdagi farqni kattalashtirishga urinadiki, bahorda xato qilish imkoniyati bo‘lsin. Ayniqsa, «Arsenal» «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynaydigan turda ta’qibchilarning ochko yo‘qotishi ehtimoli ayni muddao. Jamoa Chempionlar Ligasi so‘nggi turida ham deyarli ikkinchi tarkib bilan to‘p surdi, bor imkoniyat ushbu qiyin safarga qaratilgani shubhasiz.

Odatda o‘zaro o‘yinlarda «Liverpul» ochkosini osonlik bilan qo‘lga kiritishga o‘rganib qolgan. O‘tgan mavsum har ikki o‘yin ham marsisaydliklarning yirik g‘alabasi bilan tugagandi. Ammo undan avvalgi mavsumda mezbonlarning g‘alabasi ham ko‘pchilikning, ayniqsa, Salohning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda misrlik futbolchi penaltini golga aylantira olmagandi. Saloh deganda, esga tushadigan yana bir qiziq voqea – 2022/23 yilgi mavsumda «Liverpul» «Bornmut» ustidan 9:0 hisobida g‘alaba qozongan, ammo butun uchrashuv harakat qilgan Saloh birorta ham gol ura olmagan, assist ham amalga oshirmagandi.