3 fevral kuni Moskvadagi «Alyye Parusa» turar joy binosida portlash sodir bo‘lgani haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Hodisa oqibatida jinoyat olami vakili Armen Sarkisyan halok bo‘lgan. YouTube kanalimizdagi navbatdagi videoda hodisa nimasi bilan ahamiyatli ekaniga to‘xtalamiz.

Moskvaga borganlar yaxshi bilishadi, «Alyye Parusa» Moskva daryosi bo‘yida qurilgan, «Spartak» stadionidan sal narida joylashgan bu kompleks shahardagi eng ko‘rkam turar joy binolaridan. Moskva shundog‘am qimmat shahar, bu bino esa Rossiya poytaxtidagi ko‘p qavatli uylar orasida ham eng elitlaridan.

Kompleks yaxshigina qo‘riqlanadi, oddiy odam portlovchi moddani bemalol olib kirib portlatolmaydi. Mana shunday qimmatbaho uy pod’yezdida portlash bo‘lib, Rossiyadagi urushda faol qatnashayotgan kriminal avtoritet halok bo‘ldimi, demak bu voqeani e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Donbasslik armani

Armen Sarkisyan asli Armanistonda tug‘ilgan, lekin bolaligida uning oilasi Ukrainaning Donetsk oblastidagi Horlivka shahriga ko‘chib ketgan. 90-yillarda Horlivkadagi jinoiy to‘dalarga qo‘shilgan Armen tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. 2000-yillarda esa jinoyat olamiga ta’sir ko‘rsata oladigan avtoritetga aylanadi. Jinoyat olamida Armen Gorlovskiy nomi bilan taniladi. U yetakchisiga aylangan jinoiy to‘dalar spirtli ichimliklar savdosi, taksi biznesini boshqargan. Ukrain nashrlariga ko‘ra Rossiyadagi jinoiy to‘dalar bilan birga narkotik savdosiga ham kirgan.

Bu jinoyat olami vakili Ukrainaning sobiq prezidenti, 2014 yilgi davlat to‘ntarishidan keyin Rossiyaga qochgan Viktor Yanukovichga yaqin odam deb qaraladi. 2010 yil Yanukovich ikkinchi urinishda Ukraina prezidentiga aylangach, Armen Gorlovskiy prezidentning do‘sti Yuriy Ivanyushchenko orqali Ukraina IIV rahbariyati bilan aloqa o‘rnatadi. Keyinchalik Donbassdagi ko‘mir savdosini nazoratga olgan. Bu esa juda katta pulga boshliq bo‘ldi degani. Axir Donbass so‘zining kengaytmasi «Donetskiy ugolniy basseyn» degani, ya’ni Donetsk ko‘mir havzasi. Gorlovskiyning Donbassda shunchalik ta’sir doirasi katta bo‘ladiki, jurnalistlar uni mahalliy kulrang kardinal deb atashadi.

Yakunovichning ag‘darilishi bilan tugagan Yevromaydan voqealari esa Armen Gorlovskiyni siyosiy darajaga olib chiqadi. U Donbassdagi ayirmachilarni qo‘llab, maydanni bostirish uchun odam yollaydi. Yanukovich ag‘darilgach, yangi hukumat Armen Gorlovskiyni qidiruvga beradi. O‘shandan buyon kriminal avtoritet Rossiyada yoki Donbassning Kiyev nazorat qilmaydigan hududlarida yashab keladi.