Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu xabarlar yuzasidan munosabat bildirmagan.

«Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida yana „go‘sht shturm“ boshladi. Ayni vaqtda Maxnovka, Cherkasskaya Konopelka, Ulanok va Sudjaga 7 kilometr masofadagi Fanaseyevka qishlog‘ida janglar ketmoqda.

Dushmanning qarshi hujumida ko‘p sonli texnikalar: jangovar zirhlangan mashinalar, tanklar, trallar va shaxsiy tarkibning yuzdan ortiq jangchisi qatnashmoqda», — deb xabar bergan «Severniy veter» z-kanali.

«Raqib RF qurolli kuchlari bo‘linmalarini Maxnovka aholi yashash punktidan siqib chiqarishga urinmoqda, Ulanok aholi yashash punkti atrofida ham janglar to‘xtamayapti, — deb yozadi rossiyalik jurnalist Boris Rojin. — Raqib texnikada (tanklar, jangovar zirhlangan mashinalar) uchta batalyon kuchlari bilan hujum qilmoqda, ularga qarshi aviatsiya va artilleriyamiz ishlamoqda. Vaziyat og‘ir».

Istiqbolsiz yo‘nalish

Roppa-rosa yarim yil muqaddam ukrain qo‘shini Kursk oblastiga bostirib kirgandi. O‘shanda ular Rossiyaning 1000 kilometr kvadratdan ortiq hududini egallab olgandi.

Rossiya qo‘shini o‘tgan vaqt ichida boy berilgan hududlarining katta qismini qaytarib olganiga qaramay, Kursk oblastining 500 kilometr kvadrat hududi, jumladan Sudja rayoni markazi ham hamon Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.

Ukrain harbiylarining bu safargi faollashuvi ushbu shahardan janubi-sharqda kuzatilmoqda. Frontning mazkur uchastkasi Ukraina qurolli kuchlari uchun istiqbolli ko‘rinmaydi — bu harakatlanish qiyin va aholi kam yashovchi hudud, Kursk oblastining asosiy shaharlari esa boshqa yo‘nalishda, Sudjadan shimolda joylashgan.

Katta ehtimol bilan, ukrainlarning bu amaliyotdan maqsadi — Rossiyaning rayon markaziga eng yaqin joylashgan harbiy bo‘linmalarini sharqqa surib tashlash va bu bilan Sudja shturmi xavfini aritish hisoblanadi. Ukraina qurolli kuchlari Sudja ustidan nazoratni boy beradigan bo‘lsa, Kursk oblastining qolgan qismini ushlab turishdan ma’no qolmaydi.

Ukrainlar qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqadigan bo‘lsa, Rossiyaning Sudjaga janubi-sharqdan yaqinlashib kelayotgan, Plexovo qishlog‘i hududida turgan guruhi qurshov xavfi ostida qoladi. Bu guruh shimoldan va janubdan - Ukraina chegarasi bilan qisib qo‘yiladi. Bu hududda yo‘llar yo‘q va chekinish ham qiyin bo‘ladi.