LeYTON ORIYeNT – MANCheSTeR SITI (8 fevral, 17:15)

Albatta, kim bilan o‘ynashidan qat’i nazar «Manchester Siti»ning o‘yinlari e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Agar «Manchester Siti» himoyachilari bilan hammasi joyida bo‘lganida, balki Husanovning debyuti aynan shu uchrashuvga to‘g‘ri kelishi mumkin edi.

Bugungi o‘yinda Abdukodirning asosiy tarkibda tushish ehtimoli yuqori edi. Ayni paytda markaziy himoyachilardan Ruben Diash va Natan Ake to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q. Bu futbolchilar qaytgan taqdirda ham, Gvardiola «Leyton»ga qarshi tushirib, risk qilmasa ham kerak. Kelasi haftada «Real»ga qarshi Chempionlar Ligasidagi muhim o‘yin kutib turganini e’tiborga olsak, Akanji va Stounzlarni ham o‘sha o‘yinga asrashga harakat qilinadi. Shu tomondan olib qaraganda, bugun maydonda Husanov – Reys juftligini ko‘rishimiz taxmin qilingandi. Abduqodir shunday o‘yinlar orqali jamoaga moslashmasa, qachon moslashadi?

Boshqa tarafdan, Husanovning bu o‘yinga tushmasligi ham qandaydir ijobiy taxminlarga yo‘l ochishi ham mumkin. Ma’lumki, klub uni Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritdi. Bugungi o‘yinda asosiy tarkibda tushmaydiganlar katta ehtimol bilan «Real»ga qarshi o‘ynashi mumkinligini taxmin qilsak, Husanov o‘sha o‘yinga asralmoqda, degan xulosa ham paydo bo‘lishi mumkin.

Bevosita raqibga to‘xtaladigan bo‘sak, «Leyton Oriyent» sharqiy London jamoasi bo‘lib, Angliyada uchinchi liga sanalmish «Liga 1»da to‘p suradi. O‘tgan mavsumda 11-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ayni damda ham o‘rta pog‘onalarda bormoqda. Uy o‘yinlarini 9 ming kishiga mo‘ljallangan stadionda o‘tkazadi. Angliya kubogi avvalgi bosqichida Chempionship jamoasi «Derbi Kaunti»ni penaltilar seriyasi yordamida mag‘lub etgan.

Foto: Getty Images

ReAL – ATLeTIKO (9 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

Shubhasiz, Madrid derbisi ushbu dam olish kunlari Yevropada eng markaziy o‘yin deb bemalol aytish mumkin. Hozirda La Liga turnir jadvalini boshqarib turgan ikki jamoa peshqadamlik uchun kurash olib boradi. Durang ham har ikki jamoani qoniqtirmasa kerak, zero ortdan «Barselona» klubi ham quvib kelayotganini unutmaslik kerak.

Tan olish kerak, derbi «Real» uchun o‘ta noqulay davrga to‘g‘ri kelmoqda. Raqibidan farqli ravishda «Real»da kelasi hafta Chempionlar Ligasi keyingi bosqichiga chiqish uchun «Manchester Siti» uyiga safar kutib turibdi. «Atletiko» umumiy jadvalda kuchli sakkizlikdan joy olgani uchun allaqachon nimchorak final ishtirokchisiga aylanib, o‘z raqibini kutmoqda. Buning ustiga «Real» hamon jarohatlar girdobidan chiqib keta olmayapti. «Men ham Valverdeni yoki Chuamenini yarimhimoyada o‘ynatishni xohlayman, ammo ayni damda bor resurslar bilan o‘ynashga majburmiz» – dedi o‘yindan avvalgi matbuot anjumanida Karlo Anchellotti.