General Viktor Nazarov 2019 yilda armiyadan iste’foga chiqqan bo‘lsa-da, Ukraina QK Bosh shtabi rahbariyati bilan yaqin ishlagan va yaqin yaqingacha Ukrainaning harbiy-siyosiy hayoti markazida bo‘lgan.

Aynan Nazarov sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning asosiy maslahatchilaridan biri bo‘lgan.

2014 yilda Nazarov Ukraina sharqidagi aksilterror operatsiyasi shtabini boshqargan va Luhansk aeroporti uzra rossiyaparast jangarilar tomonidan Ukrainaning Il-76 samolyoti urib tushirilgani uchun ayblangan. Bu fojiada 49 nafar ukrainalik harbiy halok bo‘lgan. U sudlangan va xizmatdagi loqaydligi uchun aybli deb topilgan. Biroq ukrainalik qator harbiylar va AQSh armiyasi generali Ben Hodjyes kabi xalqaro ekspertlar uning himoyasiga chiqqan. 2021 yilda Ukraina Oliy sudi uni oqlab, ishni yopgan.

Shundan so‘ng Nazarov Zalujniyning bosh maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va 2024 yil fevraligacha Ukraina Bosh shtabida ishlagan.

Katta urush boshlanishi haqida

BBC: 2022 yildagi keng ko‘lamli urush boshlanganida siz Zalujniyning bosh maslahatchisi edingiz. O‘sha paytdagi vaziyatni qanday baholagandingiz? Chindan ham Ukraina hukumati urush bo‘lmaydi, deb ishonganmidi? Armiya urushga tayyorgarlik ko‘rganmi?

Viktor Nazarov: Avvalo, bir narsaga aniqlik kiritish kerak. Men o‘sha paytda bosh qo‘mondon maslahatchisi edim, bu rasmiy lavozim edi. Keyin, 2022 yilda tuzilmaga o‘zgartish kiritilganda, bosh maslahatchi bo‘ldim.

Armiya tayyorgarlik ko‘rganmi-yo‘qmi, bu masalada bir necha muhim jihatni qayd etish kerak.

Birinchidan, hammamiz harbiy-siyosiy va harbiy-strategik vaziyatlarni tushunamiz, o‘sha AQSh va G‘arb hamkorlari Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy tajovuz ehtimoli haqida oldindan ogohlantirganlari bilan qo‘shib.

Shaxsiy fikrimga ko‘ra, 2022 yil boshlarida urush xavfi o‘rtacha darajada edi. Biroq bir oy ichida xavf darajasi shiddat bilan oshib, «qizil» darajaga yetdi.

Men urush xavfi juda yuqori ekanini his qilganman va Bosh shtabning hujjatlar, rejalar ishlab chiqish jarayonida ishtirok etganman. Mening takliflarimdan ba’zilari Zalujniy tomonidan strategik rejalarga kiritilgan va qurolli kuchlarning harakatlarini shakllantirishda qo‘llangan.