Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishni juda istamoqda. U orolni sotib olishga tayyor va hatto harbiy bosib olish variantlarini ham istisno qilmayapti. Daniya rasmiylari taklifni bir necha bor rad etdi, shu bilan birga mudofaa xarajatlarini oshirib, Yevropa davlatlari qo‘llovini izlamoqda.

«Meduza» nashri Daniya qurolli to‘qnashuvga tayyormi va grenlandiyaliklar bu borada qanday fikrda ekanini tahlil qildi.

Tramp yana bir bor Grenlandiyani sotib olish istagini bildirdi. Rad javobi uni g‘azablantirdi. Daniya esa buning ortidan mudofaasini kuchaytirdi

«Undan qaytish mumkin emas edi. Bu sovuq dushga o‘xshardi. […] Menimcha, vaziyat jiddiy va potensial jihatdan juda xavfli», — deya sharhlagan Financial Times nashri manbasi AQSh prezidenti Donald Tramp va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen o‘rtasidagi telefon suhbati yuzasidan.

45 daqiqa davom etgan muloqot mavzusi Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish masalasi bo‘lgan. FT manbalariga ko‘ra, u «juda yomon» o‘tgan. Manbalar garchi Frederiksen harbiy bazalar va tabiiy resurslar qazib olish borasida hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan bo‘lsa ham, Tramp «tajovuzkor» va «ziddiyat tayyor kayfiyatda» bo‘lganini aytishgan.

Daniya bosh vaziri ofisi «bu muloqot yuzasidan anonim manbalar keltirgan izohlar»ni tasdiqlamadi. Biroq, muloqotdan ko‘p o‘tmay Daniya Grenlandiya mudofaasi uchun xarajatlarni oshirishga shoshildi – Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen esa, bu qaror oxirgi voqealar bilan bog‘liq emasligini aytdi. U buni hatto «taqdirning hazili» deb atadi.

Bu Trampning Grenlandiyani sotib olishga birinchi urinishi emas. Qisqa tarix

Grenlandiyani sotib olish haqidagi dastlabki gap-so‘zlar Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2019 yil avgust oyida paydo bo‘lgan. O‘shanda u orol uchun har yili 600 million dollar to‘lashni taklif qilgan. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bu g‘oyani «absurd» deb atagan va «Grenlandiya sotiladigan narsa emas, u Daniyaniki ham emas, balki grenlandiyaliklarning o‘z mulki», deb ta’kidlagan.

Bu rad javobidan so‘ng, AQSh prezidenti Kopenhagenga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Bir necha oy o‘tib esa, Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida 1953 yildan beri yopiq bo‘lgan AQSh konsulligi qayta ochildi.