U keng ko‘lamli urush boshlanganida Kiyev mudofaasini boshqargan, shuningdek 2022 yil sentabrida Xarkiv oblastida muvaffaqiyatli qarshi hujum tashkillashtirgandi.

2024 yilda frontdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun sezilarli darajada murakkablashdi va Sirskiy boshqaruvida o‘tgan yil ukrainlar mudofaasi uchun juda qiyin kechgani bilan yodda qoldi.

Shu bilan birga, armiya faqat chekinish bilan mashg‘ul bo‘lmasdan dushman uchun kutilmagan uchastkada yurish amalga oshirishga ham muvaffaq bo‘ldi.

BBC Ukraina xizmati sharhlovchisi Sergey Morfinov Ukraina qurolli kuchlari Sirskiy boshqaruvidagi bir yilni qanday o‘tkazganini ko‘rib chiqdi.

Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasi

Volodimir Zelenskiy bosh qo‘mondonni almashtirish sababi sifatida «Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini yangilash» zaruratini keltirgandi.

Ammo Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasining norasmiy sababi sifatida prezident ofisi va oldingi bosh qo‘mondon o‘rtasida ikkinchisining ehtimoliy siyosiy ambitsiyalari tufayli yuzaga kelgan ziddiyat ham aytiladi. Zalujniy g‘arb matbuotida urushning borishini baholab borishi ham rahbariyatga ma’qul emasdi.

Oleksandr Sirskiy esa jamoat joylarida ko‘p ko‘rinish bermas va g‘arb matbuoti bilan tanish emasdi.

Shu bilan birga, u oliy bosh qo‘mondonga sodiqligi hamda hech qanday siyosiy ambitsiyalari yo‘qligi aytilardi.

Bir yil davomida Oleksandr Sirskiy prezident va uning jamoasiga tanqid sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan birorta e’tiroz bildirmadi.

Frontda nimalar bo‘layotgandi?

Frontda Sirskiyga og‘ir meros qoldirilgandi — bir yil oldin rossiyaliklarning 2023 yil oktyabrida boshlangan keng ko‘lamli yurishi avj pallasiga kirgandi va hozirda ham davom etmoqda.

Avdiyivka xarobalari Rossiya nazoratiga o‘tgan

Ukraina mudofaasida birinchi navbatda Rossiya armiyasi shaxsiy tarkib, o‘q-dori, texnika va KABdan foydalanuvchi (boshqariluvchi aviabombalar) aviatsiya evaziga erishgan ustunlik tufayli yuzaga kelgan inqiroz Zalujniy qo‘mondonligi davridayoq boshlangandi.