Yevropadagi ko‘plab siyosatchilar chorshanba oqshomidayoq AQSh prezidenti Donald Trampning Putin bilan bo‘lajak uchrashuvi haqidagi so‘zlariga hamda Tramp va uning mudofaa vaziri Pit Hegsetning Ukraina boy bergan yerlarni qaytarish norealligi haqidagi fikrlariga munosabat bildirishdi. Ulardan bir qismi Ukraina va Yevropasiz tinchlik muzokaralari o‘tkazib bo‘lmasligini, boshqalari — muzokaralar boshlanmasidan bunday og‘zaki yon berish Ukraina va G‘arb manfaatlariga xiyonat qilish ekanini aytishmoqda.

Tramp Vashingtonda Putin bilan suhbati haqida gapirayotgan bir paytda Parijdagi uchrashuvda Yevropaning yetakchi davlatlari tashqi ishlar vazirlari urushni muhokama qilishdi. Yakuniy bayonotda ular o‘z mamlakatlari Ukrainaga yordamni ko‘paytirishga tayyorligi va uning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

«Biz Ukrainaga yordamimizni oshirishga tayyormiz. Biz Rossiyaning harbiy tajovuzi oldida uning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Bizning umumiy maqsadimiz — Ukrainani adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlikka erishgunga qadar qo‘llab-quvvatlashda davom etishdir», — deyiladi Fransiya, Germaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat va mudofaa idoralari rahbarlari bayonotida.

Yig‘ilish ishtirokchilari o‘z nuqtayi nazarlariga ko‘ra, Yevropa tinchlik muzokaralarida albatta ishtirok etishi kerakligi va buni amerikalik ittifoqchilar bilan muhokama qilish niyatida ekanliklarini ta’kidladi.

«Ukraina mustaqilligi va hududiy yaxlitligi muhokama qilinmaydi. Bizning hozirgi ustuvor vazifamiz Ukrainani kuchaytirish va ta’sirchan xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bo‘lishi kerak. Yevropa har qanday muzokaralarda markaziy rol o‘ynashi kerak», — deya Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari, Estoniyaning sobiq bosh vaziri Kaya Kallas Parij uchrashuvi yakunlarini sarhisob qildi.

Estoniyaning sobiq bosh vaziri, hozirda Yevroittifoq tashqi diplomatiyasi rahbari hisoblangan Kaya Kallas – yevropalik siyosatchilar orasida Ukrainaning eng faol tarafdorlaridan biri. Foto: EPA

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Trampning bayonotlariga izoh berarkan, alohida muzokaralar olib borish mumkin emasligini alohida ta’kidladi.