Trampning qarashlari va uslublari Amerikaning an’anaviy siyosiy elitasinikidan farq qiladi, u moddiy manfaatlarni ustun qo‘yib, xalqaro huquq va an’anaviy diplomatiyani ikkinchi darajaga tushirmoqda.

AQShning global yetakchiligini zaiflashtirish yoki kuchaytirish borasida ekspertlar turlicha fikrda, biroq Trampning harakatlari Yevropa, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi aniq.

«Geosiyosat» loyihasida mehmon bo‘lgan siyosatshunoslar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Tramp nima uchun AQShni global qudrat taxtidan tushiryapti?

— Kamoliddin Rabbimov: Amerikaning asoschi otalari AQShni milliy federal davlat sifatida shakllantirgan. Ya’ni Amerikaning dunyo ishlariga aralashuvi Birinchi jahon urushidan keyin, dunyo hokimiyatiga kelishi esa Ikkinchi jahon urushidan keyin, shuningdek, dunyoda to‘liq monopolistik qudratni shakllantirishi – sovet ittifoqi qulaganidan keyin yuz bergan edi.

Insoniyat paydo bo‘lgandan beri dunyoni boshqargan imperiyalar, qudratli davlatlar har doim Yevrosiyo qit’asida bo‘lgan, masalan, Napoleon, Iskandar Zulqarnayn, Amir Temur va Chingizxonlar shular jumlasidan. 1990-yillardan keyin insoniyat tarixida birinchi marta dunyoni boshqarib turgan poytaxt boshqa qit’aga, ya’ni Shimoliy Amerikaga ko‘chgan.

Donald Tramp siyosiy elita tomonidan qabul qilinmaydi. Jumladan, respublikachilar ham noilojlikdan u bilan ishlamoqda, chunki Amerikaning demokratik o‘yin qoidasiga ko‘ra, aynan u hokimiyat tepasiga keldi. Uning ikkinchi marta prezidentlikka saylanishini hech kim kutmagandi. Bu amerikaliklarning global siyosatdan charchaganini bildiradi, ular AQShning dunyo siyosatiga aralashishi va trillionlab dollar pul ajratishi natijasida ichki ishlar qolib ketyapti deb hisoblashmoqda. Shuning uchun ham Bayden hokimiyatga kelganda Amerikaning ichki infrastrukturasi uchun 2-3 trillion dollar mablag‘ ajratgan edi.

Amerikaning hozirgacha shakllangan imperiyasi uchun Trampning mazkur eksperimenti nima bilan tugashini taxmin qilish nihoyatda qiyin. Lekin bu shakllangan munosabatlarga katta zarba beradi, bu juda ham katta demontaj. Agar Amerika global o‘yinlarda yetakchilik modelidan voz kechsa, yangi model qanday bo‘lishini ham bilmaymiz. Amerika to‘liq uyga qaytadimi?

Hozirda USAID tark etayotgan hududlarda Xitoy o‘zi moliyalashtirishni taklif qilmoqda. Bu holatdan Putin ham juda xursand, uning matbuot kotibi Peskov ham Trampga nisbatan chuqur hurmat bilan murojaat qilmoqda. Donald Tramp prezidentlikka qadar biror daqiqa davlat ishlariga aralashmagan yoki armiyada xizmat qilmagan va mamlakat tarixida bunday tarzda hokimiyat tepasiga kelgan yagona davlat rahbari hisoblanadi. Shu paytgacha saylangan prezidentlar, gubernator, vazir va u yoki bu siyosatchilar bo‘lgan. Tramp esa hokimiyat tepasiga kelib aynan ular shu vaqtgacha shakllantirgan o‘yin qoidasini inkor qilyapti.