Rossiya zirhli tanklari kolonnasi Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostidagi Sudja shahri shimolidagi Nikolskiy posyolkasi hududida tor-mor etilgani aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda 16 fevral kuni paydo bo‘ldi.
«Hozir Nikolskiy atrofida shunchaki ****** ro‘y bermoqda. 155-brigadaning qizil bayroqlar ostidagi kolonnasi xuddi paraddagi kabi minalangan yo‘l bo‘ylab [ukrain] dronlari to‘dalanib turgan joyga qarab yo‘l oldi!!! Ko‘zlaringizni ishqalamang, biz barchasini to‘g‘ri yozdik — aynan G‘alaba qizil bayroqlari bilan va aynan minalangan yo‘l bo‘ylab», — deya yozgan «Severniy kanal» telegram-kanali.

Kadrlarda dronlarga qarshi to‘rlar o‘rnatilgan Rossiya tanklari va zirhli transportyorlari qorli dala bo‘ylab harakatlanib, birin-ketin portlab ketayotganini ko‘rish mumkin.
«Avvaliga bu xabarga shubha bilan qaradim. Keyin joylardagi tanishlaridan surishtirdim, hammasi tasdiqlandi. Chindan ham, aqldan ozgan boboylar G‘alaba bayroqlarini texnikaga o‘rnatishga majbur qilishgan, shundan so‘ng kolonnani to‘g‘ridan to‘g‘ri Kursk oblastidagi minglab FPV-dronlari zarbalari ostida minalangan maydonga jo‘natishgan», — deya yozgan Z-bloger Alex Parker Returns.
«Mashinalarning bir qismi zarbaga uchragan va desant shoshilinch tarzda ortga qaytishga majbur bo‘lgan. Kolonnaning omon qolgan qismi esa biroz uzoqroqqa borgan, biroq oxir-oqibat ular ham sezilarli darajada ilgarilay olmagan va texnikalar boy berilgan», — deya tan oladi «Voyenniy osvedomitel» telegram-kanali.

Z-blogerlarga ko‘ra, Rossiya tank hujumidan oldin shimoliy koreyalik piyodalar hujum uyushtirgan.
«Severniy kanal» telegram-kanaliga ko‘ra, reja «pauzali ikkita to‘lqin bilan hujum qilish»dan iborat bo‘lgan bo‘lishi mumkin: birinchi to‘lqin Ukraina mudofaasini holdan toydirishi kerak edi, 155-brigadaning ikkinchi kolonnasiga esa, aftidan, shimoliy koreyalik harbiylar yordamida bo‘shliqni yorib o‘tish topshirilgan.
Videolarda Rossiya zirhli texnikalaridan tashqari qorda emaklayotgan piyodalar ham dronlar tomonidan yo‘q qilingani aks etgan.
Va bu shu kabi birinchi holat emasdi.
«Bir necha oy oldin 810-[brigada] ham xuddi shu tarzda Pogrebki yaqinida minalarga tushib qolgandi. Nahotki o‘sha yo‘qotishlar hech kimni hech narsaga o‘rgatmagan bo‘lsa?» — deya achchiqlanadi «Severniy kanal» muallifi.

















